Bag'doddagi namoyishchilar AQSh elchixonasidan chekindi

  • Amerika Ovozi

Iroqda namoyishchilar AQShning poytaxt Bag’doddagi elchixonasi hududiga kirib, Amerikaning Hizbulloh harakatiga qarshi havo hujumlariga norozilik bildirdi. Namoyishchilar elchixonaning asosiy binosiga kirmadi, biroq ba’zilari tashqarida chodirlar tikib, amerikalik diplomatlar va AQSh qo’shinlari mamlakatni tark etmaguncha ketmasligini aytdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2-yanvar, 2020-yil

Prezident Tramp elchixonani qo’riqlash uchun Iroqqa qo’shni Quvaytdan qo’shimcha askar yo’llashi ketidan elchixona atrofida to’plangan omma tarqaldi.

Bundan bir kun oldin iroqliklar “Amerikaga o’lim!” xitoblari bilan elchixona eshiklarini buzdi, tosh otib, shina yoqdi. Ularning Hizbulloh harakati tarafdorlari ekani aytilmoqda. Elchixona qo’riqchilari namoyishchilarni tarqatish uchun ko’zni yoshlantiruvchi gaz va rezinali o’qlarni ishga solgan.

AQSh Davlat departamenti elchixona xodimlari omon ekanini ma’lum qildi.

Prezident Tramp elchixonaga hujum ortida Eron turganini aytib, vaziyat keskinlashsa, Eron javobgar bo’lishini aytdi.

Oq uy zarur choralar ustida o’ylanar ekan, Tramp “Twitter” orqali urush tarafdori emasmiz, ammo manfaatlarimizni himoya qilishga tayyormiz, dedi.

“Eron diplomatik harakatlarimizga qayta va qayta harbiy kuch bilan javob bermoqda. Nafaqat AQShga, balki ko’plab boshqa mamlakatlarga nisbatan ham. Bu noqonuniy rejimga xos xulqdir. Diplomatiyaga urg’u berishda davom etamiz. Biroq agar Eron AQShga Hizbulloh orqali bo’lganday hujum qilsa, mudofaa maqsadida harbiy kuch bilan javob beramiz”, - dedi Trampning Eron bo’yicha maxsus vakili Brayan Xuk.

Eron Iroqdagi baza hujumiga aloqadorligini inkor etmoqda.

Eron Oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xomeneiyning aytishicha, Eron Iroqdagi vaziyatni nazorat qilayotgani haqidagi gaplar asossiz.

“Mantiqni ishlating!” – dedi u.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Hizbulloh harakati Iroqning Kirkuk shahrida Amerikaga qarashli xususiy jangovar kompaniyani reaktiv snaryadlar bilan nishonga olib, bir amerikalik pudratchini o’ldirgach, Qo’shma Shtatlar Hizbullohning Iroq va Suriyadagi joylashuvlarini havodan urib, kamida 25 odamni o’ldirgan, Hizbullohning qurol-yarog’ ombori va boshqaruv markazini nishonga olgan.

Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazi eksperti Tomas Uorrikning aytishicha, Eronning AQSh kuchlarini Iroqdan siqib chiqarishga qaratilgan harakatlari teskari natija berishi mumkin.

“Amerika elchixonasiga hujum Bing’ozi va 1979-yil voqealarini eslatadi. Bu AQSh hukumati va xalqini boshqa narsalardan ko’ra qattiqroq birlashtirishi aniq. Eronliklar shunda xato qilgan. Agar Hizbulloh hujumlarini bas qilmasa, AQSh va Eron o’rtasida taranglik kuchayishiga guvoh bo’lamiz”, - deydi Uorrik.

Tramp ma’muriyati Iroq hukumatidan elchixona xavfsizligini kuchaytirishni talab qildi, biroq tahlilchi Maykl Prejent Bag’dodga ishonch yo’q, deydi.

“Iroq hukumati Hizbullohning iroqlik askarlar jarohatiga sabab bo’lgan Kirkukdagi bazaga hujumini qoralamay, AQSh terrorchi tashkilot deb biluvchi guruhga qarshi Amerika javob chorasini qoraladi. Bu hukumat Eron ixtiyorida”, - deydi Vashingtondagi Gudzon instituti eksperti.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Tehron-Vashington ziddiyatlarining kuchayishi AQShning mintaqadagi qo’shinlariga zarar bo’lishi mumkin.

“Vaziyatning izdan chiqishi AQSh manfaatlariga xizmat qilmaydi, chunki bu Eron yoki Iroqdagi boshqa jangari guruhlar bilan to’qnashuvlarga yetaklashi mumkin. Bu esa u yerdagi askarlarimiz uchun halokatli bo’ladi”, - deydi iste’fodagi podpolkovnik Daniel Deyvis.

Iroqdagi voqealar sabab AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Yevropa va Markaziy Osiyo safarini qoldirdi. O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham bu ma’lumotni tasdiqlab, 6-yanvar kuni Toshkentda o’tishi rejalangan “Markaziy Osiyo-AQSh” formatidagi tashqi ishlar vazirlari majlisi boshqa kunga qoldirilganini ma'lum qildi. Pompeo Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi kutilgan edi.