Sentabr Iroq uchun zo'ravonliklar bobida rekordli oy bo'ldi

  • Amerika Ovozi

BMTning Iroqdagi missiyasi hisobiga ko'ra, sentabr oyida mamlakatda xuruj va zo'ravonliklarda 1100 dan ziyod odam o'lgan. Shulardan 854 nafari oddiy fuqarolar. Joriy yilning to'qqiz oyida esa salkam 12 ming odam zo'ravonlik qurboni bo'ldi. Bu o'tgan ikki yilning umumiy ko'rsatkichlariga teng.

"Islomiy davlat" jangari guruhi Iroqning bir qismida o'z nazoratini o'rnatganidan beri qon to'kilishlari ko'paygan. Iyun oyida, masalan, 900 iroqlik harbiy nobud bo'lgan.

Sobiq Bosh vazir Nuri al-Malikiy tanqidchilari uni shialar hokimiyatini kuchaytirib, sunniylar, kurdlar va boshqalarni siyosiy sahnadan chetlashtirganlikda va shu sabab zo'ravonliklarga turtki berganlikda ayblaydi.

O'tgan oy mamlakatda bosh vazir almashgan. Parlament Haydar al-Abadiyni bu lavozimga tayinlagan. Iroq hukumati AQSh yordamida islomiy jangarilarga qarshi havo hujumlarini amalga oshirmoqda. Jihodchilar bunga javoban mamlakatda xurujlarni kuchaytirgan. Kecha Bag'dodning shialar mahallasida kamida 35 odam nobud bo'lgan. Karbalo, Iskandariya va Najaf shaharlarida ham bombalar portlagan.

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya "Islomiy davlat" jangarilarini havodan nishonga olishda davom etmoqda. Bugun Suriyaning Turkiya chegarasiga yaqin Ayn al-Arab shahri tevaragi bombardimon qilingan. Jihodchilar shaharni ishg'ol qilishga urinmoqda. Kurd kuchlari ularga qarshi jang qilyapti. Kobani ham deb ataluvchi shahardan 160 ming odam qochgan.

Qo'shni Iroqda esa Britaniya samolyotlari ikkinchi kun o'q yog'dirib, Iroq piyoda askarlariga havodan madad bermoqda.

Ertaga Turkiya parlamentida "Islomiy davlat"ga qarshi havo hujumlarini boshlash haqida hujjat ovozga qo'yiladi.