Iroqda kurdlar mustaqillikka intilmoqda

  • Amerika Ovozi

Referendumga qarshi harakat, Sulaymoniya shahri, Iroq, 9-sentabr, 2017-yil

Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy Iroq Kurdistoni rahbariyatini mustaqillik bo’yicha referendum o’tkazish rejasidan qaytishga chaqirmoqda. Mamlakat parlamenti mintaqa tashabbusiga qarshi ovoz berdi.

“Kurd rahbarlarini Bag’dodga kelib, muloqot qilishga da’vat etaman. Maslahatsiz bu ishni qilib bo’lmaydi. Referendum g’oyasi Iroq va Kurdiston xavfsizligini tahdid ostiga qo’yadi”, - dedi Abadiy.

Iroq parlamenti mamlakat birligini saqlab qolish maqsadida bosh vazirga barcha choralarni ishga solishga ruxsat berdi. Kurd millatiga mansub qonunchilar ovoz berishdan oldin binoni tark etdi va parlament qaroriga qarshi bayonotlar qildi.

G’arb davlatlari referendum natijasida Iroq bo’linsa, markaziy hukumat va Kurdiston mintaqasi o’rtasida qurolli to’qnashuv boshlanishidan, “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi harbiy kampaniya qolib ketishidan xavotirda. Iroqning neftga boy Kirkuk viloyati Kurdiston hududida joylashgan.

Referendum 26-sentabrga rejalangan.