Moldova Rossiya uchun Ukrainadan keyingi nishonmi?

  • Amerika Ovozi

Moldova

Ukraina mojarosining unga qo’shni Moldovadan 1990-yillar boshida ajralib chiqqan, ammo xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan va ayni paytda Rossiyaga xayrixoh Pridnetsrovye o’lkasiga tarqalish xavfi mavjud.

Bo’lginchi hudud hafta boshidagi hujumlar Ukraina tomonidan amalga oshirilganiga ishora qilmoqda. Ayrim xabarlarga ko’ra, qurol tanqisligi bilan yuzlashayotgan Ukraina Pridnetsrovyeda rus qo’shinlari qo’riqlayotgan, sovet paytidan saqlanib qolgan yirik qurol-yarog’ omborini qo’lga kiritmoqchi.

Ombor Kolbasna qishlog’ida joylashgan bo’lib, Yevropadagi eng yirik qurol omborlaridan hisoblanadi.

Rasmiy Kiyev esa Tiraspoldagi hujumlar Rossiyaning provokatsiyasi ekanini aytib, Moskva mojaro jug’rofiyasini kengaytirib, Moldovani ham bosib olmoqchi ekanini qayd etmoqda.

1992-yilda Moldova markaziy hukumatining Pridnetsrovyedagi bo’lginchilar bilan urushida qatnashgan Georgi Popaning aytishicha, Tiraspoldagi kuchlarga yordam bergan Rossiya o’sha paytda Moldovani butunlay ishg’ol qilmoqchi bo’lgan, ammo buning uddasidan chiqa olmagan.

Hozir esa, deydi Moldova davlat universiteti tarixchisi Igor Kasu, Rossiya uchun yana shunday imkoniyat tug’ildi.

“Ikki variantdan biri bo’lishi mumkin. Moldovada chetdan hokimiyat yangilanib, biz Belarusga o’xshab qolamiz, Rossiyaga ittifoqchi bo’lib. Yoki Moldovani “Novorossiya” deb nomlanuvchi yirik loyihaga qo’shvorishadi”, - deydi mutaxassis.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya Moldovani o’z ta’sir doirasiga qaytarishdan manfaatdor.

“Moldova Rossiyaga kerakligini hamma yaxshi biladi. Bu yangilik emas. Konstitutsiyaga ko’ra biz harbiy jihatdan betaraf bo’lsak-da, har bir saylovimizda Rossiyaning siyosiy ta’sirini ko’rsa bo’ladi, Moskva qaysi nomzod ortida ekanini bilsa bo’ladi”, - deydi Moldova davlat universitetidan siyosatshunos Natalya Putina.

Moldovada rumin tili davlat tili bo’lgani bilan aholining katta qismi ruschada so’zlashadi. Respublikada rus va rumin madaniyatlarini yonma-yon ko’rsa bo’ladi. Biroq ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya rus tili va madaniyati kamsitilayotganini bahona qilib, Moldovaga ham qo’shin kiritishi mumkin.

Pridnestrovyeda ayni damda Rossiyaning 1500 ga yaqin tinchlikparvar qo’shini bor.

“O’zligimiz qanday bo’lishini har bir insonning o’zi hal qilishi kerak, qo’shnisi emas”, - deydi Moldova davlat teatri tilshunosi Mariya Pilkina.

Qo’shni Ukrainadagi urushga qaramay, Moldovada hayot o’z maromida ketmoqda. Biroq Pridnestrovyedagi voqealardan so’ng odamlar ko’nglini xavotir bosa boshlagan.