AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper va Vitse-prezidenti Mayk Pensning aytishicha, “Islomiy davlat” jangari to’dasi rahbari Abu Bakr al-Bag’dodiyga qarshi amaliyot razvedka uzatgan ma’lumotlar asosida amalga oshirilgan.
Prezident Tramp amaliyotni o’tkazishga bir hafta oldin ruxsat bergan va reydni bevosita videoefirda kuzatgan.
Pensning aytishicha, Bag’dodiyning Idlibdagi (Suriya) binoda bo’lgani haqida ishonchli ma’lumot olinganidan so’ng missiya tunda o’tkazilgan. AQSh maxsus kuchlari Iroqdagi bazadan sakkizta vertolyotda bir soatdan sal ko’proq uchgan.
Esperning aytishicha, harbiylar Bag’dodiyni qo’lga olishni rejalagan edi. Bag’dodiy taslim bo’lish taklifini rad etib, tunnel orqali qochishga harakat qilgan. Askarlar uning ketiga tushganidan so’ng u o’zini portlatishga majbur bo’ldi.
Prezident Trampning aytishicha, askarlar Rossiya harbiylari nishonidagi hududdan o’tishiga to’g’ri keldi va Rossiya ularning parvoziga halaqit bermaslikka rozi bo’lgan. Tramp Rossiya, Iroq, Turkiya, Suriya va kurdlarga minnatdorchilik bildirdi.
Rossiya Bag'dodiyning o'ldirilganiga shubha bildirib, isbot talab qilmoqda. Mudofaa vazirligi so'zlovchisi general-mayor Igor Konashenkovning aytishicha, Bag'dodiyning Idlibda bo'lgani haqidagi da'volar asossiz, chunki viloyatning Suriya hukumati nazoratida bo'lmagan hududlarida al-Qoida hukmronlik qilmoqda.
"Al-Qoidaning Suriyadagi sho'basi "Islomiy davlat"ni hokimiyat uchun raqib deb biladi va uning vakillari va jangarilarini omon qoldirmagan. Bag'dodiy al-Qoida nazorat qilayotgan hududda bemalol tura olmagan bo'lardi", - dedi Konashenkov.
AQSh tomoniga ko'ra, amaliyot paytida ikki amerikalik harbiy yengil jarohat olgan.
Suriyalik kurdlardan iborat “Suriya demokratik kuchlari” guruhi qo’mondoni Mazlum Abdining aytishicha, kurdlar ham AQShga Bag’dodiyni nishonga olishda yordam bergan, razvedka ma’lumotlarini besh oy davomida amerikaliklar bilan birga to’plashgan.
Bag’dodiy nobud bo’lgani bilan Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat”ga qarshi kurash to’xtamasligini bildirmoqda.
Tramp uning o’rniga rahbarlikka kelishi mumkin bo’lgan nomzodlarni bilamiz va allaqachon ularning iziga tushganmiz, dedi. Bu ishda AQSh razvedkasiga Bag’dodiyga qarshi amaliyot paytida qo’lga olingan jangarilar va to’da vakillari yordam berishi mumkin.
Trampning aytishicha, reyd paytida muhim hujjatlar ham qo’lga kiritilgan. Ularda “Islomiy davlat” rejalari, tarixi bitilgan, dedi u.
AQSh Mudofaa vazirligi va razvedkasi vakillarining tan olishicha, jangari to’da rahbarlarini yo’q qilish avtomatik ravishda “Islomiy davlat”ning yo’qolishiga olib kelmaydi. Xalifalik parchalangan va “Islomiy davlat” nazoratidagi hududlar jangarilardan ozod etilgan bo’lsa-da, guruh xurujlar uyustirishda, qarshilik ko’rsatishda davom etmoqda.
“To’da turli hududlarga yoyilgan tarmoqlari vositasida mahalliy hokimiyatlar faoliyati va tiklanish ishlarini izdan chiqarishga urinmoqda”, - deydi AQShning aksilterror bilan shug’ullanuvchi mutasaddilaridan biri.
Unga ko’ra, guruh rahbarsiz faoliyat yuritishga moslashgan.
“Islomiy davlat” boshqaruvi so’nggi paytda boshqa tarmoqlarga ham taqsimlanib, ana shunday voqealar rivojini [Bag’dodiyning ehtimoliy o’limini] hisobga olib, yangi liderlar yetishib chiqqan”, - deydi AQSh Milliy razvedkasi sobiq rahbari Jeyms Klapper.
Biroq Yaqin Sharqda xavfsizlik va geosiyosiy masalalar bo’yicha maslahat beruvchi “Le Beck” kompaniyasi rahbari Maykl Xorovitsning aytishicha, jihodchilar rahbarining o’limi guruh ichida hokimiyat uchun kurashga sabab bo’lishi mumkin.
Ayrim mutaxassislar “Islomiy davlat”ning Suriya va Iroqda 10-15 ming atrofida jangarisi hamda 300 million dollargacha puli borligini aytmoqda.
Xalifalik yo’qolgani bilan, deydi ular, “Islomiy davlat” brendi qolgan va aynan brend bo’lajak jangarilarni o’ziga tortmoqda.
“Valens Global” kompaniyasi rahbari, aksilterror bo’yicha tahlilchi David Gartenstayn-Rossning aytishicha, Bag’dodiyning o’limidan so’ng guruh resurslari va yetakchi a’zolarini xavfsiz joyga ko’chirishga harakat qiladi. Bundan tashqari, deydi u, uning Afg’oniston, Misrning Sinay yarimoroli, Liviya va Nigeriyadagi sho’balari yangi rahbarga bay’at keltirishi kerak. Ammo yangi rahbar kim bo’lishi hozircha noma’lum.