Jangarilar qo'lidagi yapon va iordaniyalik asirlar holi nima kechdi?

  • Amerika Ovozi

Tokio televideniyesida ko'rinish. Jangarilar yapon jurnalisti Kenji Goto, iordaniyalik harbiy uchuvchi Muat al-Kasabsiyni garovda saqlayapti.

"Islomiy davlat" jangarilarining qo'lida qolayotgan yaponiyalik jurnalist va iordaniyalik harbiy uchuvchi taqdiri mavhum qolmoqda. Jangarilar garovdagilarni ayirboshlash uchun belgilagan yana bir muhlat o'tdi. Yapon diplomatlarining aytishicha, muzokara boshi berk ko'chaga kirib qolgan.

"Islomiy davlat" pilot Muat al-Kasasbiyni Iordaniyada qamoqda qolayotgan iroqlik ayol Sojida al-Rishaviyga ayirboshlamoqchi.

Internetda joylangan audiomurojaatda jangarilar buning uchun payshanba kechgacha muhlat bergan edi. Iroqlik mahbus ayol 10 yil oldin Ummondagi qonli portlashga aloqadorlik aybi bilan ushlanib o'limga hukm qilingan.

Iordaniya hukumati Rishaviyni qo'yib yuborishga rozi, biroq avval Kasasbiy hamon tirik ekanini isbotlang, deya jangarilarga talab qo'ymoqda.

Uchuvchining samolyoti o'tgan oy Suriyada halokatga uchragan va shundan beri daragi yo'q edi. Iordaniya xalqaro koalitsiya tarkibida Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ni bombardimon qilmoqda. Biroq so'rovlarga ko'ra, Iordaniyada koalitsiyaga qo'shilishga qarshilar kam emas.

"Islomiy davlat" sal oldin yaponiyalik jurnalist Kenji Goto va oddiy fuqaro Xaruna Yukavani garovga olgan edi. Taxminlarga ko'ra, jangarilar Yukavani o'ldirgan. Asirlar evaziga Yaponiya hukumatidan 200 million dollar talab qilingan edi, lekin keyinroq bu shart o'zgardi.

Your browser doesn’t support HTML5

"Islomiy davlat" va xalqaro koalitsiya

Your browser doesn’t support HTML5

Urush va jurnalistika - Covering conflicts