Prezident Tramp Suriyada “Islomiy davlat” xalifaligi deyarli yo’q qilindi, Amerika qo’shinlari chiqariladi, deyishiga qaramay, tahlilchilar jangarilarga qarshi kurash hali beri tugamasligini aytadi. Suriya va Iroqda terrorchi guruhlarga qo’shilgan ayrim yevropaliklar o’z mamlakatlariga qaytmoqchi. Mintaqada gumanitar inqiroz kuchaymoqda.
2014-yilda amerikalik Hoda Mutana Suriyaga borib, “Islomiy davlat” to’dasiga qo’shiladi. Jangarilardan biriga turmushga chiqib, undan farzand ko’radi, amerikaliklarni o’ldirishga da’vat etadi.
24 yashar Hoda Amerikada tug’ilganiga va qo’lida AQSh pasporti bo’lishiga qaramay, Davlat departamenti uni AQSh fuqarosi deb tan olishdan bosh tortmoqda. Otasining xorijiy diplomat ekani va Hoda shu tariqa Amerikada tug’ilgani aytilmoqda. Hoda AQShga qaytib bormoqchi.
2015-yilda “Islomiy davlat”ga qo’shilgan britaniyalik Shamina Begum ham vataniga qaytmoqchi. Biroq Britaniya hukumati 19 yoshli juvonning britan fuqaroligini bekor qildi.
Vashingtondagi Brukings tahlil instituti eksperti Maykl Oxanlonning aytishicha, bu kabi ayollarning ishini huquqiy tarafdan sinchkovlik bilan o’rganish kerak.
“O’qiganlarimdan shuni bildimki, Huda yo’ldan adashgan, birovni o’ldirmagan. Bu ishga huquqiy tomondan yondashib, uni sud qilish kerak, jinoyatga qo’l urgan bo’lsa, isbotlab, tegishli jazo berish lozim”, - deydi mutaxassis.
Jurnalist Jeff Seldinning aytishicha, “Islomiy davlat” boshi berk ko’chaga kirgan ayollarni tuzoqqa tushirgan.
Suriyada 2011-yildan beri davom etayotgan urush hamda “Islomiy davlat” kabi jangari to’dalar zo’ravonligi tufayli millionlab odamlar uyidan ajralib, lagerlarda, qo’shni mamlakatlarda yashashga majbur.
“Suriya urushini tugatish yo’lini topishimiz kerak. Shuning uchun ham Amerika qo’shinlari mamlakat shimoli-sharqida qolishi zarur. Nisbatan barqarorlikni ta’minlab, siyosiy kuchlar bilan urushdan keyingi holatga kelishish kerak. Bu menga yoqmasa ham, Prezident Bashar Assad hozircha hokimiyatda qolishi mumkin, Suriyaning ayrim qismlarida siyosiy jarayonni cheklangan ravishda boshlab, odamlarni uylariga qaytarish lozim", - deydi Oxanlon.
Prezident Donald Tramp aprel oxirigacha Suriyadan amerikalik 2000 askarning barchasini chiqarish haqida e’lon qilgan edi, biroq Oq uyning yaqinda ma’lum qilishicha, 200 ta harbiy tinchlikparvar missiyasi bilan ma’lum muddatga qoladi.