Suriya qamoqxonalarida “Islomiy davlat” jangari to’dasining minglab a’zolari saqlanmoqda. Ular orasida 50 ga yaqin mamlakatdan to’daga qo’shilgan xorijiy jangarilar ham bor. Ular bir yildan ortiq vaqtdan beri panjara ortida ekan, na tergov o’tkazilgan va na sud jarayonlari.
Ko’plab mamlakatlar jangari fuqarolarini qaytarib olish taklifini rad etganidan va xalqaro tribunal tashkil etish da’vatini inkor etganidan so’ng mahalliy hokimiyat jangari mahbuslarni o’zi sud qilishi haqida ma’lum qildi.
Germaniyalik Muhammad Demer qamoqda cheksiz muddat saqlangandan ko’ra tezroq hukm chiqarilishini afzal ko’radi.
Biroq koronavirus dunyoga changalini solarkan, mahalliy tribunal majlislari noma’lum muddatga qoldirildi.
O’tgan dam olish kunlari Suriya shimoli-sharqidagi qamoqxonada isyon ko’tarildi. Mahalliy hukumat 10 mingdan ziyod mahbusni qo’riqlay olmasligini, barchasini sudlashga ojiz ekanini bildirmoqda.
“Bu mahbuslar jang maydonida qattiq olishgan. Biz ularni mag’lub etdik. Ular nafaqat Suriya, butun dunyoga tahdid”, - deydi qamoqxonaning kurd qo’riqchisi.
Bu jangarilarning oila a’zolari lagerlarda saqlanmoqda, to’da mafkurasini qo’llab-quvvatlamayotganlar ham radikallashmoqda. Ayrim mahbus ayollar lagerlar ahli ustidan nazorat o’rnatib, “Islomiy davlat” qoidalarini joriy etgan, qo’riqchilarga hujum qilib, “xalifalik”ni tiklashga chaqirmoqda.
Lagerdagi bolalar ta’lim olmaydi, aksariyati katta bo’lganda o’lgan, qo’lga olingan yoki bedarak ketgan otalari kabi jangari bo’lmoqchi ekanini aytadi.