Londonda "Islomiy davlat"ga qarshi koalitsiya majlis qildi

  • Amerika Ovozi

London

21 davlat tashqi ishlar vazirlari bugun Londonda uchrashib, xalqaro koalitsiyaning "Islomiy davlat"ga qarshi strategiyasini muhokama etdi, yutuqlarni sarhisob qildi. Majlisda AQSh, Britaniya, Fransiya vazirlari, Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy ham qatnashdi.

Tomonlar so'nggi bor dekabrda to'planib, besh punktdan iborat rejaga kelishgan edi. Unga ko'ra, Iroq xavfsizlik kuchlari tayyorgarligi oshirilishi, xorijiy jangarilarning Iroqqa kirishiga to'siq qo'yilishi, moliyaviy kanallarining yopilishi, mafkurasiga qarshi kurashilishi, aholiga gumanitar yordam yetkazilishi kerak.

AQSh yetakchiligidagi harbiy-havo kampaniyasi "Islomiy davlat"ga jiddiy zarba bergan, minglab jangarilar yo'q qilingan.

Rejaning ikkinchi bosqichida 1,6 milliard dollar sarflab, 12 ta yangi brigadani tayyorlash va qurol-aslaha bilan ta'minlash ko'zda tutilmoqda.

Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiyning aytishicha, "Islomiy davlat"ga qarshi AQSh yetakchiligidagi havo hujumlari samara bermoqda, biroq xalqaro hamjamiyat kattaroq yordam ko'rsatishi kerak.

Abadiy Assoshieytid Press axborot agentligiga bergan intervyusida piyoda askarlariga ehtiyoj borligiga, xalqaro harbiy maslahatchilar Iroq askarlari bilan ko'proq shug'ullanishini kerakligiga urg'u berdi.

Bu o'rtada Yaponiya "Islomiy davlat" qo'lidagi ikki fuqarosini ozod etish uchun barcha choralarni ko'rib chiqmoqda. Seshanba kuni jangarilar ikki yaponiyalikni videoda ko'rsatib, Tokio 200 million dollar garov puli to'lamasa, ularni 72 soatdan so'ng o'ldirishini aytgan.

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe Kenji Goto va Xaruna Yukavani ozod etish uchun o'z rasmiylariga turli diplomatik choralarni ishga solishga ko'rsatma bergan.

"Yaponiya hech qachon terrorizmga bo'yin egmaydi", - dedi Abe.

Biroq bosh vazir yoki boshqa rasmiylar Yaponiya garov puli to'lamaydi deb ham ochiqchasiga aytgani yo'q.

"Islomiy davlat" Yaponiyani unga qarshi xalqaro koalitsiyaga yordam berayotganlikda ayblamoqda. Tokio koalitsiyaga kirmagan, ammo jihodchilarga qarshi kurashayotgan davlatlarga 200 million dollarlik yordam va'da qilgan.