“Islomiy davlat” istehkomlariga bombalar tashlansa ham, jangarilari o’q yomg’irida qolsa ham, ular jang qilishni to’xtatgani yo'q.
“Bu guruh hech narsadan qo’rqmaydi, ular uchun hech narsaning ahamiyati yo’q”, - deydi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo’yicha ekspert, niderlandiyalik Siril Viddersxoven.
Jangarilar soni 25 mingdan 60 minggacha deb taxmin qilinadi. Ular millionlab odamlar, minglab kilometr yerni nazorat qiladi va butun dunyoni qo’rquvga solmoqda.
Havodan amalga oshirilgan 9000 ta hujum, sun’iy yo’ldoshdan olingan suratlar, mahalliy va xalqaro harbiylar bu kuchga teng kelolmayapti.
Hatto Iroq armiyasining Ramadi shahridagi g’alabasi "Islomiy davlat" ga jiddiy ziyon yetkazmagan ko’rinadi. Aksincha, ular qo’shinlarini Hadisa shahriga ko’chirdi.
Xo’sh, nima sababdan ularni yengish shunchalik qiyin?
"Muammo shundaki, AQSh, Yevropa davlatlari va Iroq armiyasi “Islomiy davlat”ni an’anaviy qo’shin sifatida ko’radi”, - deydi Viddersxoven.
“Bu eskirgan yondashuv. “Islomiy davlat”, umuman olganda, o'zini yutqazayapti deb hisoblamaydi. Bir shaharni tortib olishsa, boshqasini bosib olishadi. Unisini ham tortib olishga, yana boshqasiga borishadi. Strategiyasi shu”, - deya tushuntiradi ekspert.
“Islomiy davlat” qo’mondonlari har bir mag’lubiyatni o’z foydasiga o’girmoqda.
“Ular talafotlarni qabul qiladi. Bunga o’yinning bir qismi deb qaraydi. Jiddiy zarba berilganda tartib bilan chekinadi. Mag’lubiyatga uchrab, dushmandan qochadigan kuch emas”, - deydi Ottava universitetidan mutaxassis Kamron Buxoriy.
”Islomiy davlat” tarixdan saboq olgan. Al-Qoida va Saddam Husayn armiyasi xatolarini o’rganib chiqqan, Checheniston kabi joylarda jang qilib, xalqaro tajriba orttirgan odamlar bu guruh saflariga jalb qilingan.
Yana bir mutaxassis Devid Kilkullen so'zlariga ko'ra, guruh bir necha qatlamga ega: davlat markaziga o’xshagan idora, viloyatlardagi idoralar hamda alohida jang qilayotgan jangarilarning xalqaro qatlami.
Shu bois butun struktura nihoyatda chidamli, deydi u, guruh taktikasi esa uni yo’q qilishni qiyinlashtiradi.
Ularning aloqa tizimi ochiq, bir tomonlama. G'arb razvedka xizmatlari qaysi ma'lumot haqiqiy, qaysisi soxta, aniqlashga qiynaladi.
“Islomiy davlat”, shuningdek, inqilobiy terrorizm modelidan foydalanadi. Yangi bilimlarni egallab, mo'ljalga yaqin joyda tezkor guruhlar yaratadi. A'zolarni yollashda texnologiyani qo'llaydi.
AQSh yetakchiligidagi koalitsiya “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashni turli jabhalarda olib bormoqda: havo hujumlari; jangarilarga aloqador odamlarning bank hisoblari muzlatilgan, internetda ularga tegishli sahifalar yo’q qilinyapti.
Bu kurashda g’alabalar bor. Koalitsiya so’zlovchisi polkovnik Stiv Uorrenga ko’ra, hozirda “Islomiy davlat” nazoratida ilgarigi hududning 60 foizi qolgan.
Biroq g’alabani e’lon qilishga shoshmaslik kerak, deydi Berlindan mutaxassis Yan Sen-Pyerr.
“Ular vaziyatga juda tez moslashadi. Kurashni bir paytning o'zida turli jabhalarda olib borish kerak. "Islomiy davlat"ga teng kela oladigan yagona bir kuch yo’q. Guruh Liviya, Yaman va Somalida faoliyatini jadallashtirmoqda”, - deydi u.
Guruhni qanday yo’q qilish mumkin degan masalada mutaxassislar orasida yakdillik yoq. Ba’zilar arab sunniylari, shu jumladan Misr, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari mushtarak qo’shinlar tuzishi kerak, degan fikrda.
Aksariyat ekspertlar esa AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi xodimi Bryus Raydel fikriga qo’shiladi: “Al-Qoida va “Islomiy davlat”ni tezda yo’q qilishning yagona va fojeali yo’li G’arb va islom o’rtasidagi kurashni anglatadi”.