23-mart kuni isroillik saylovchilar so’nggi 2 yilda to’rtinchi saylovda ovoz beradi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu koronavirusga qarshi vaksinaning aholiga taklif etilishi unga saylovda g’alaba keltirishiga umid qilmoqda. Ammo shu bilan birga, iqtisodiyotning pandemiyadan zarar ko’rgani pand berishi ham mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Korrupsiya va firibgarlik bilan bog’liq ayblovlarga yuz tutayotgan 71 yashar siyosatchi ustidan sud jarayoni aprel oyida davom etishi rejalangan.
Netanyaxu 2020-yilda Sudan va ayrim arab mamlakatlari bilan diplomatik aloqalarning o’rnatilganini shaxsiy yutug’i sifatida ko’rarkan, hokimiyat tepasida qolsa, mintaqadagi yana bir necha davlat Isroilni tan olishini aytmoqda.
Isroil saylovlarida hali biror partiya ko’pchilik ovozlarni qo’lga kiritib, yakka hokim bo’lmagan. Bu safar ham Netanyaxu va uning “Likud” partiyasi boshqa partiyalar bilan koalitsion hukumat tuzishga umid qilmoqda.
Oldingi saylovlarda Netanyaxu, asosan, so’l siyosatchilar qarshiligiga uchragan bo’lsa, bu gal o’ng qarashlarga ega nomzodlar ham unga muammo tug’dirishi mumkin.
Ulardan biri 57 yashar sobiq moliya vaziri va teleboshlovchi Yair Lapid bo’lsa, ikkinchisi Netanyaxuning so’nggi hukumatdagi hamkori 61 yashar sobiq general Benni Gansdir.
So’nggi saylovdan keyin Gansning “Ko’k va oq” partiyasi Netanyaxu bilan koalitsion hukumatga kirgani partiyaning ko’plab tarafdorlarini g’azabga soldi, ijtimoiy so’rovlarda Gans reytingi tushib ketdi.
Bosh vazirlikka yana bir nomzod 54 yashar sobiq vazir Gideon Saar bo’lib, u Netanyaxuning “Likud” partiyasidan chiqib, “Yangi Umid” partiyasiga asos soldi. Netanyaxudan yanada konservativ qarashlari bilan tanilgan siyosatchi Falastin davlatchiligiga qarshi, G’arbiy Sohilni Isroilga to’liq qo’shib olishni istaydi.
Yana bir nomzod Naftali Bennet ham Netanyaxu doirasidan chiqqan. Yuqori texnologiyalar sohasida millioner 48 yoshda. “Yamina” partiyasini boshqarmoqda. Gideon Saar bilan birlashib, hokimiyatni qo’lga olmoqchi.
Ommaviy so’rovlar bo’lajak g’olibni aniqlashda ojizlik qilmoqda. “Likud” partiyasi 120 a’zolik Knessetda yana eng katta fraksiya bo’lishi bashorat qilinmoqda, ammo qaysi guruhlar bilan ittifoq Netanyaxuni bosh vazirlikka qaytarishi hozircha aniq emas.