Isroilda 9-aprel kuni o’tgan parlament saylovlarida berilgan ovozlarning 98 foizi hisoblandi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning “Likud” partiyasi va muxolifatdagi “Ko’k va Oq” siyosiy bloki parlamentda 35 tadan o’rin olgan. Hech bir taraf hukumat tarkibini mustaqil belgilash uchun yetarlicha ovoz ololmagani uchun saylovda qatnashgan partiyalar bilan koalitsiya tuzishga majbur.
“Likud” va hamkor partiyalar Knessetda 120 o’rindan salkam 65 tasini qo’lga kiritishi mumkin. Millatchi va diniy partiyalar Netanyaxu siyosatiga xayrixoh.
“Ko’k va Oq” siyosiy blokini boshqarayotgan armiya shtabi sobiq rahbari general Benni Gans Falastin Muxtoriyati bilan tinchlik muzokaralarini jonlantirishga, bosh vazirlik muddatini cheklashga va’da bergan edi.
Netanyaxu tarafdorlari oldida so’zlab, katta g’alaba qo’lga kiritilganini aytdi.
“Isroil xalqining beshinchi bor menga ishonch bildirishidan qattiq ta’sirlandim. Hozirgisi hatto kattaroq ishonchdir, chunki bungacha parlamentda bu qadar ko’p o’rin olmaganmiz”, - dedi bosh vazir.
Netanyaxu saylov kampaniyasining so’nggi kunlarida Isroil istilo qilgan G’arbiy Sohilda yahudiylarga uy-joy qurilishiga imkon berishni va’da qilib, konservativ saylovchilarni o’z tomoniga og’dirishga harakat qildi. Bunday qadam Falastinning mustaqil davlatga ega bo’lish umidlarini puchga chiqaradi.
“Isroilliklar bu bilan Falastin masalasi o’zgarishsiz qolishiga ovoz berganini ko’ryapmiz. Ular irqchilikni saqlab qolishga ovoz berishdi. Yangi parlamentda 120 deputatdan atigi 18 tasi Falastinning mustaqil davlat bo’lishini qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi Falastin bosh muzokarachisi Soib Erekat.
Netanyaxu hokimiyatda qolishi bilan unga qarshi ochilgan jinoiy ish hanuz davom etmoqda. Bosh prokuror uni pora, qalloblik va boshqa ayblovlar asosida sudga tortmoqchi. Netanyaxu unga qarshi da’volar ostida siyosiy sabab borligini aytib keladi.