Isroil bugun ham G’azoni havodan o’qqa tutgan, falastinliklar qarshi hujum qildi, sulhdan esa darak yo’q. Qator mamlakatlar tomonlarni harbiy harakatlarni to’xtatishga da’vat etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Isroil rahbariyati XAMAS va “Islomiy jihod”ga qarshi hujumlarni bas qilmoqchi emas. Mudofaa vazirligining bildirishicha, ushbu guruhlar qo’lida 12 mingga yaqin raketa va snaryad bor.
XAMAS va “Islomiy jihod”ning seshanba kungi hujumlarida Isroil chegarasidagi fermada ishlagan tailandlik ikki ishchi halok bo’lgan, 7 odam yaralangan. Sohil bo’yidagi Ashdod, Tel-Aviv janubi, chegara zonasidagi hududlar ham nishonga olingan.
G’azo rasmiylarining bildirishicha, 10-maydan beri 219 falastinlik, jumladan 63 bola va 36 ayol o’lgan, 1400 dan ortiq g’azolik jarohat olgan. Yo’llar, imoratlar, oltita kasalxona, 9 ta tibbiy yordam markazi vayron bo’lgan yoki zarar ko’rgan. BMT hisobiga ko’ra, 52 ming odam uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi, aksariyati BMT maktablariga joylashtirilgan.
Isroil 12 odamini yo’qotgan.
Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Isroilni harbiy jinoyatlarda aybladi:
"Istilochilar G’azoda tinch aholini qirmoqda, aholi punktlari va idoralarga ataylab o’q yog’dirmoqda, infratuzilmani barbod qilyapti, ayollar, qariyalar va bolalarni o’ldirmoqda. Bularning barchasi isroillik istilochilarning davlat terroriga tengdir”, - dedi u Qohirada Arab Ligasining parlamenti chaqirtirgan favqulodda majlisda.
Ixtilof boshlanganidan beri Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uch marotaba telefonda gaplashgan AQSh Prezidenti Jo Bayden prezidentlikka kelganidan beri o’tgan shanba ilk bor Abbos bilan telefonlashdi.
Bayden mojaroni to’xtatish maqsadida mintaqaga vakilini yubordi, biroq hozircha bundan biror natija chiqqani yo’q.
Abbos G’arbiy Sohilni boshqaradi, G’azo Sektori esa unga raqib XAMAS qo’lida.
Misr va Iordaniya rahbarlari bilan muloqot qilgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron BMT Xavfsizlik Kengashida sulhga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi.
"Uch mamlakat uchta oddiy narsaga kelishib oldik – otishmalar to’xtatilishi, sulh qaror topishi, Xavfsizlik Kengashi masalani nazoratiga olishi kerak”, - deyiladi Makron idorasi chiqargan bayonotda.
Uch mamlakat BMT vositachiligida G’azoga gumanitar yordam tashkil etishga ham kelishib oldi.
BMT Xavfsizlik Kengashida Xitoy, Norvegiya va Tunis taklif etgan uchta rezolyutsiya loyihasi AQSh tomonidan rad etildi. Ayrim rasmiylarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar masalani oldin sahna ortida hal qilmoqchi.