Isroil "Human Rights Watch" xodimini deportatsiya qildi

  • Amerika Ovozi

Umar Shokir, “Human Rights Watch” tashkilotining Isroil va Falastin bo’yicha idorasi direktoridir

Isroil AQShning inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti vakilini mamlakatdan chiqardi. Umar Shokir tashkilotning Isroil va Falastin bo’yicha idorasi direktori. Isroil Oliy sudi guruhning vakilni haydash haqidagi qarorini qayta ko’rib chiqish arizasini inobatga olmadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 25-noyabr, 2019-yil

Yahudiy hukumat Shokirni falastinliklarning Isroilga qarshi boykot harakatini qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblamoqda. Umar Shokir ushbu ayblovni inkor etarkan, mamlakat tashqarisida turib ham Isroil va Falastin hududlarida inson huquqlari poymol etilishini kuzatishda davom etishini bildirdi.

“Human Rights Watch” tashkiloti Shokirni deportatsiya qilish qaroriga qarshi Isroil sudida ancha tortishdi. Guruh Isroilga qarshi xalqaro boykotni tan olmasligini, Shokir o’z faoliyati davomida boykotga chaqirmaganini da’vo qilgan.

“Umar “Human Rights Watch” pozitsiyasidan chetga chiqmadi. Isroil hukumati uning noxolisligi xususida birorta dalil taqdim eta olmadi”, - deydi tashkilot ijrochi direktori Kennet Rot.

“Human Rights Watch” Isroilni istilo etilgan hududlardan chiqishga va arab millatiga mansub fuqarolariga isroilliklarga berilgan huquqlarni berishga chaqirib keladi. 2017-yilda qabul qilingan qonunga ko’ra, Isroilga qarshi ommaviy boykot e’lon qilishga chaqirgan har qanday xorijlik Isroilga kirish, bu mamlakat vizasini olish va Isroilda yashash imkoniyatidan mahrum etiladi.

Ushbu qonunga muvofiq AQShning ikki musulmon qonunchisi Rashida Tolib va Ilhan Umarga Isroil va G’arbiy Sohilga kirish taqiqlandi. Shokirning aytishicha, qonun huquq faollari ovozini o’chirishga qaratilgan.

“Mening ishimda biror yangi narsa yo’q. Isroil inson huquqlari himoyachilarini hamisha hujumga olib kelgan. O’z fikrlarini tinch yo’l bilan bildirayotgan odamlarga mamlakatga kirishni taqiqlovchi qonunlari hujumning bir ko’rinishi. Boshqa faollarga ham, BMT vakillariga ham kirish taqiqlangan. Isroilning o’zidagi tashkilotlar inson huquqlarini himoya qilgani uchun davlatga qarshi harakatlarda ayblangan. Bu ish bilan shug’ullangan falastinliklarga qarshi esa jinoiy ishlar ochilgan”, - deydi Umar Shokir.

Inson huquqlari tashkilotlari ishini nazorat qiluvchi “Monitor” nodavlat guruhi hukumatning Shokirni deportatsiya qilish qarorini himoya qildi.

“Mamlakatimizni yomonotliq qilayotgan odamlarning bu yerga kelishga haqqi yo’q. Bu ish bilan Isroil tashqarisida shug’ullanaverishsin”, - deydi Quddusda asoslangan tashkilot vakili Jerald Staynberg.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va ko’plab huquq tashkilotlari Isroilning istilo qilingan yerlardagi qurilishlari va aholi punktlarini noqonuniy deb biladi. Biroq Tramp ma’muriyati o’tgan hafta AQShning qurilishlar xalqaro qonunga zid ekani haqidagi uzoq yillik siyosatini bekor qildi.