Yevropa Ittifoqi Isroil tovarlarini belgilashda yangi qoida joriy etdi

  • Amerika Ovozi

Isroilning istilo qilingan hududlarda, G'arbiy Sohilda ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari

Yevropa Ittifoqi Isroildan 1967-yildan beri istilo qilingan arab hududlarida ishlangan va eksportga chiqarilayotgan mahsulotlarini alohida tamg'alashni talab qilmoqda.

Tashkilot rasmiylariga ko'ra, Yevropa ahli qaysi mahsulotlar Isroilning o'zida ishlab chiqarilganu, qaysilari istilo qilingan hududlarda tayyorlanganini bilishi kerak.

Masalan, parranda go'shti, vino, zaytun yog'i, pardoz buyumlari va boshqa tovarlar "Go'lan Tepaliklarida (Isroil posyolkalari) ishlab chiqarilgan", "Garbiy Sohilda (Isroil posyolkalari) ishlab chiqarilgan" yoki "Sharqiy Quddusda (Isroil posyolkalari) ishlab chiqarilgan" deb belgilanishi kerak. Falastin shirkatlarining G'arbiy Sohilda tayyorlagan mahsulotlariga esa "G'arbiy Sohilda (Falastin mahsuloti) ishlab chiqarilgan" degan markirovkalar qo'yilishi talab etilmoqda.

Bunday mahsulotlar Isroilning eksportga chiqariladigan tovarlarining ikki foiziga teng.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu g'azabda, u Yevropa Ittifoqini antisemitizmda aybladi.

"Yevropaga uyat. Bu ma'naviyatsizlik. Dunyo bo'ylab yuzlab mojarolar turganda ular faqat Isroilga, terrorga qarshi kurashayotgan mamlakatga urg'u bermoqda. Yevropa Ittifoqi Isroil iqtisodiyotiga zarar yetkaza olmaydi", - dedi Netanyaxu.

Yevropa Ittifoqi Isroilning falastinliklarga muomalasini tanqid qilib keladi. Qit'ada Isroil mahsulotlarini boykot qilishga da'vatlar kuchaymoqda, yahudiy davlatidan bosib olingan yerlarni arablarga qaytarish talab qilinmoqda.

Yevropa Ittifoqi nazarida Isroil istilo qilingan joylarda uy-joy qurilishlarini to'xtatishi zarur, chunki bu Falastin bilan tinchlikka erishishda eng katta g'ov. Bugun falastinliklar marhum rahbari Yosir Arofat o'limining 11 yilligini xotirlamoqda.

"Zulm ostida yashashdan bosh tortamiz, unga qarshi kurashda barcha choralarni ishga solamiz, Arofat yo'lidan boramiz", - deydi falastinlik faol Abdulla Abu Rahmon.

Yosir Arofat 2004-yili Fransiya kasalxonasida insultdan vafot etgan edi, biroq falastinliklar uning o'limida Isroilni ayblaydi.