Netanyaxu hukumat tuzolmadi. Navbat Gansga

  • Amerika Ovozi

Isroil Prezidenti Reuven Rivlin muxolifat rahbari Benni Gansga koalitsion hukumat tuzishni taklif etmoqda, Quddus shahri, 23-oktabr, 2019-yil

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu qonun tomonidan belgilangan muddat ichida yangi hukumat tuzolmagach, 17-sentabr kuni o’tkazilgan muddatidan erta saylovda “Likud” partiyasidan salkam bir foiz ko’p ovoz to’plagan “Ko’k va oq” partiyasining raisi Benni Gans endi o’z omadini sinab ko’radi. Prezident Reuven Rivlin unga rasman hukumat tuzishni taklif qildi.

Isroil Qurolli kuchlari Bosh shtabi sobiq rahbari Gans kichikroq partiyalar bilan muzokara qilib, 28 kun ichida koalitsion hukumat tuzishi kerak bo’ladi. Buning uchun Knessetdagi 120 deputatdan 61 nafari koalitsiyaga kirishi kerak.

Agar Gans ham bu ishni eplolmasa, Knessetdagi hamma partiyalar jarayonda qatnashib, umumiy hukumat tuzishga harakat qiladi. Bu harakat ham muvaffaqiyatsiz kechsa, mamlakat bir yilda uchinchi bor saylovda qatnashishga majbur bo’ladi.