Isroilda muxolifat yetakchisi Yair Lapid mamlakat prezidentini koalitsion hukumat tuzilganidan xabardor qildi. Agar Isroil parlamenti - Knesset hukumat tarkibini ma’qullasa, mamlakatda 12 yilda ilk bor bosh vazir almashadi – Benyamin Netanyaxu hokimiyatdan chetlashtiriladi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Yesh Atid” partiyasining sentrist rahbari Yair Lapid sentrist qarashlarga ega boshqa partiyalar, millatchilar va hatto arab partiyasini birlashtirishga muvaffaq bo’ldi. Arablar Isroil aholisining 21 foizini tashkil etsa-da, “Raam” arab partiyasi ilk bor hukumat tarkibiga kiritilmoqda.
Koalitsion hukumatda Lapidning eng yaqin ittifoqchisi “Yamina” partiyasining millatchi rahbari Naftali Bennet bo’ladi. Ikki tomon kelishuviga ko’ra, Bennet ikki yil bosh vazirlik qilgandan keyin kursisini Lapidga bo’shatadi.
Amaldagi Mudofaa vaziri Benni Gansning “Ko’k va oq”, sobiq mudofaa va sobiq tashqi ishlar vaziri Avigdor Libermanning “Isroil – bizning uyimiz” partiyalari ham koalitsion hukumatga kirgan.
Agar Lapid koalitsiyaga o’z vaqtida kelisha olmaganida edi, Isroii so’nggi 2 yilda 5-saylovga yuz tutgan bo’lar edi.
Knesset 10 kun ichida yangi hukumat tarkibi bo’yicha ovoz beradi. Bu o’rtada Bosh vazir Netanyaxu deputatlarni unga qarshi ovoz berishga ko’ndirishga harakat qiladi.
Arab partiyasining 47 yashar rahbari Mansur Abbosning aytishicha, uning partiyasi bilan kelishuvga ko’ra, yangi hukumat Isroilning arablar yashovchi shaharlarida infratuzilmani yaxshilash va zo’ravon jinoyatchilikka qarshi kurash uchun 16 milliard dollar ajratishga rozi bo’ldi.
Kelishuvda arab qishloqlarida ruxsatsiz qurilgan uylarni buzish rejasini muzlatish ham ko’zda tutilgan. Ba’zi arablar Abbos pozitsiyasini tanqid qilmoqda. Ularga ko’ra, G’arbiy Sohilda yahudiy aholi punktlarini kengaytirishni targ’ib qilayotgan millatchi Naftali Bennet bilan ittifoq arablar manfaatlariga xizmat qilmaydi.