AQSh ittifoqchisi Isroilga bosim qo’yib, Xitoy bilan aloqalarni susaytirishni so’ramoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Oxirgi 30 yilda bu ikki mamlakat munosabatlari ancha rivojlangan. Isroilning Xitoy bilan hamkorlikda Xayfa shahrida yangilangan va kengaytirilgan porti qo’shma loyihalardan biridir.
Xitoy kompaniyalari Tel-Avivda yengil relsli temir yo’l tizimining bir qismini qurmoqda.
“Dunyoning eng zo’r infratuzilmasi Xitoyda. Ular bilim, nou-xau, muhandislari va ishchilarini safarbar etgan va Isroil bundan ancha foyda ko’rdi”, - deydi Ibroniy universitetidan Yuri Payns.
Isroil Xitoyning Yevropa Ittifoqi va AQShdan keyingi eng katta savdo hamkori hamdir. Biroq Xitoy bilan aloqalari taranglashgan AQSh bosimi ostida Isroil bu mamlakat bilan iqtisodiy faoliyatini susaytirishga majbur bo’ldi. Isroillik tahlilchilar yahudiy hukumati eng yaqin ittifoqchisining gapini ikki qila olmasligini aytadi.
“AQSh asosan infratuzilma va texnologiya sohalarida hamkorlikni cheklashni so’ramoqda va buning natijasini ko’ryapmiz”, - deydi Tel-Avivdagi Rayxman universitetidan Gedaliya Aftermen.
Yaqingacha Yaqin Sharqda odatda savdoga urg’u bergan Pekin endi siyosiy tashabbuslarni ham olg’a surmoqda. Masalan, uning vositachiligida Eron va Saudiya Arabistoni yarashib oldi.
Xitoyning Eron bilan yaqin aloqalari hamda Falastinga xayrixohligi Isroilda ko’p rahbarlarni xavotirga solib kelgan. Biroq ayrim kuzatuvchilar mintaqa Xitoyning diplomatik harakatlaridan foyda ko’rishini taxmin qilmoqda.
“Yaqin Sharqda haqiqatan betaraf, Isroil, Saudiya Arabistoni, Eron yoki Misrga yon bosmagan yirik davlat kamdan-kam uchraydi. Xitoy bu o’ta murakkab mintaqada barcha bilan iqtisodiy aloqalarni o’rnatishga qiziqayotgan betaraf mamlakatdir”, - deydi Payns.
Unga ko’ra, Xitoy Isroil va Eron o’rtasiga tushib, vositachilik qila oladigan, har ikki taraf unga ishonadigan yagona davlat.