Isroilda yana muddatidan erta saylovlar o'tkaziladi

  • Amerika Ovozi

Isroil parlamenti deputatlari 22-dekabr kuni byudjetni qabul qilishning eng so’nggi kunida kelisha olmasligi natijasida 2021-yilning 23-martida yana muddatidan erta saylovlar o’tkaziladi. Bu so’nggi ikki yilda to’rtinchi saylov bo’ladi.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu uchun bu gal saylovda g’alaba qozonish o’ta qiyin bo’ladi, chunki aholi uning koronavirusga qarshi siyosatidan norozi, Netanyaxuga qarshi korrupsiya da’volari ham unga bo’lgan ishonchni susaytirmoqda.

Mart saylovlarida Netanyaxu bu gal yangi raqib bilan yuzlashadi. 2019-yilda “Likud” partiyasida rahbarlik uchun poygani Netanyaxuga boy bergan sobiq deputat va vazir Gideon Saar shu oy boshida “Yangi Umid” degan yangi partiyaga asos soldi. Eng so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Saar reytinglarda bosh vazirga yaqinlashmoqda.

Ketma-ket uchta parlament saylovida g’olib aniqlanmaganidan so’ng Netanyaxu va uning so’nggi saylovlardagi asosiy raqibi Benni Gans may oyida birlik hukumatiga kelishdi. Gans mudofaa vaziri lavozimini oldi. Kelishuvga ko’ra, bosh vazirlik unga 2021-yil noyabrida o’tishi kerak edi. Biroq ikki siyosatchi milliy byudjetga kelganda kelisha olmadi.

Siyosiy inqirozning oldini olish maqsadida erta saylovlar o’tkaziladi. Ungacha 71 yashar Netanyaxu o’z vazifasini bajarishda davom etadi.