Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari o'rtasida ilk aviaqatnov

  • Amerika Ovozi

Isroilning "El Al" aviakompaniyasiga qarashli "Boing" tarixiy parvozni amalga oshirdi

Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari diplomatik aloqa o’rnatishga kelishishi ketidan ikki mamlakat tarixida birinchi tijoriy aviareys amalga oshirildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 31-avgust, 2020-yil

AQSh prezidenti va Isroil bosh vazirining yuqori lavozimli rasmiylari Isroilning "Al El" aviakompaniyasiga qarashli “Boing” samolyotida Tel-Avivdan Saudiya Arabistoni havo sarhadi uzra Abu-Dabiga uchdi.

Yo’lovchilar orasida Donald Trampning kuyovi va Yaqin Sharq bo’yicha maslahatchisi Jared Kushner ham bo’ldi.

Kushner boshqa arab davlatlarining ham bu yo’ldan borishi uchun sharoit yaratilganini aytdi. Biroq boshqa arab mamlakatlari BAA ga bu borada ergashadimi, yo’qmi, hozircha aniq emas.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo o’tgan hafta Sudan, Bahrayn va Ummonda bo’ldi. Ba’zilar bu mamlakatlarni Isroil bilan aloqa o’rnatishga nomzod desa-da, Pompeo mintaqani qo’li bo’sh tark etdi.

Arab mamlakatlari Isroil-Falastin mojarosi hal bo’lsagina, yahudiy davlati bilan aloqa o’rnatishga so’z bergan. Falastin va mintaqadagi ayrim davlatlar BAAni va’daga vafo qilmaganlikda, xiyonatda ayblamoqda.

Shanba kuni BAA Isroilga nisbatan tijoriy boykotini rasman bekor qildi. Boykotga qaramay, ikki mamlakat so’nggi yillarda jar solmay savdo qilib kelayotgan edi. Bir necha haftadan so’ng Vashingtonda, Oq uyda diplomatik aloqalarni o’rnatish haqidagi hujjat rasman imzolanishi kutilmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklari Isroil bilan aloqa o’rnatgan uchinchi arab davlati bo’ldi.