Birlashgan Arab Amirliklari va Isroil diplomatik aloqa o’rnatishga kelishib oldi

  • Amerika Ovozi

Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari AQSh vositachiligida diplomatik aloqalar o’rnatdi. Amirliklar 1948-yilda tashkil topgan yahudiy davlatini tan olgan uchinchi arab mamlakati bo’ldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 14-avgust, 2020-yil

“Oradagi muz eridi. Boshqa arab va musulmon davlatlari ham Birlashgan Arab Amirliklari yo’lidan boradi degan umiddaman”, - dedi AQSh rahbari.

Misr Isroil bilan 1979-yilda, Iordaniya esa 1994-yilda tinchlik bitimi imzolagan. Amirliklar Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishi natijasida uning fuqarolari endi Quddusdagi Al-Aqso masjidini ziyorat qilishi mumkin bo’ladi.

“Prezident Tramp bu harakatlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’lsa, ajabmas”, - deydi Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Robert Obrayen.

“Mintaqada tinchlik o’rnatilishiga qadam qo’yildi degan gaplar bir oz bo’rttirilgan deb hisoblayman, chunki Isroil va amirliklar o’rtasida hech qachon mojaro xavfi bo’lmagan. Bu Isroilni tan olgan Fors ko’rfazi bo’yidagi birinchi davlat. Ikki mamlakat o’rtasida ko’plab yangi imkoniyatlarga yo’l ochilmoqda”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Uilyam Todman.

Tinchlik kelishuvi doirasida Isroil falastinliklarning G’arbiy Sohildagi hududlarini o’ziga qo’shib olish rejasini to’xtatib turishga rozi bo’ldi. Ba’zi tahlilchilar bunga ijobiy qaramoqda.

Isroil va amirliklar o’rtasida aloqalarning o’rnatilishi Eronning mintaqada yanada yakkalanishiga olib kelishi aytilmoqda.

Qo’shma Shtatlar BMT Xavfsizlik Kengashida 18-oktabrda muddati tugayotgan Eronga qarshi qurol embargosini yangilashga harakat qilmoqda, biroq Xitoy va Rossiya AQSh rezolyutsiyasiga veto qo’yishini bildirdi. Shunday bo’lgan taqdirda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo BMTning Eronga qarshi barcha sanksiyalarini tiklovchi mexanizmni ishga solmoqchi.

Prezident Trampning aytishicha, tinchlik bitimini rasman imzolash uchun Birlashgan Arab Amirliklari va Isroil vakillari yaqin kunlarda Vashingtonga kelishi kutilmoqda.