Mulk ustidan talashuv Yaqin Sharqda kattaroq ixtilofga sabab bo'lmoqda

  • Amerika Ovozi

G'azo shahri. 11-may, 2021.

G’azolik falastinliklar va Isroil raketa hujumlari almashib, Isroil havo hujumlarida tunda kamida 22 odam o’lgan. Isroil Mudofaa vazirligi qurbonlarning 15 nafari XAMAS va “Islomiy jihod” jangarilari ekanini ma’lum qildi.

G'azo Isroil raketa hujumi paytida

G’azo rasmiylari 9 bolaning o’limi haqida xabar berdi.

Falastinliklar otgan raketalarning aksariyatini Isroilning “Temir gumbaz” havo mudofaasi tizimi urib tushirgan, olti isroillik jarohat olgan.

”Islomiy jihod” Isroildan Quddusdagi al-Aqso masjididan qo’shinlarini chiqarishni talab qilgan, Isroil talabni bajarmagach, hujumga uchragan.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu javob hujumlari qattiq bo’lishini aytdi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu

“G’azodagi terrorchilar Isroilning “Quddus kuni”da haddidan oshib, biz tomon raketa otdi. Isroil katta kuch bilan javob beradi. Fuqarolarimizga gapim shuki, hozirgi mojaro ma’lum muddat davom etadi”, - dedi u.

Isroil armiyasiga ko’ra, 150 raketadan oltitasi Quddusni nishonga olgan.

Isroil politsiyasi Shayx Jarroh mahallasida arab namoyishchilarni hibsga olmoqda

So’nggi to’qnashuvlar Isroilning Sharqiy Quddusdagi Shayx Jarroh mahallasidan 1956-yildan beri yashayotgan falastinlik olti oilani haydash harakati ketidan boshlandi. Falastin Sharqiy Quddusni bo’lajak davlatining poytaxti sifatida ko’radi, biroq Isroil Quddusning bo’linishiga qarshi.

Arab davlatlari al-Aqso masjidida yuzlab falastinlik va Isroil politsiyasi o’rtasidagi to’qnashuvlarga munosabat bildirarkan, Suriya va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirliklari Isroilni adolatsiz agressiyada aybladi.

Falastin Qizil Yarim oy jamiyati Isroil hujumlarida va politsiya bilan to’qnashuvlarda 300 dan ziyod odam jarohat olganini, Isroil 21 politsiyachiga tan jarohati yetkazilganini bildirdi.

Arab Ligasiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari virtual majlis o’tkazib, vaziyatni muhokama qilgan.

Misr, Qatar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ramazon Hayitidan oldin taranglikka barham berishga harakat qilmoqda va tomonlar bilan muloqot boshlagan.

AQSh Prezidenti Jo Bayden

Qo'shma Shtatlar tomonlarni murosaga chaqirdi. Yil boshida Oq uyda ish boshlagan Jo Bayden AQSh xavfsizligiga tahdid deb ko'rilayotgan Eron, Shimoliy Koreya, Xitoy va Rossiyaga urg'u berib, o'zini Yaqin Sharq mojarosidan olib qochishga harakat qildi, biroq endi bu masala bilan ham shug'ullanishga majbur bo'ladi.

Ayrim kuzatuvchilar falastinliklarning Sharqiy Quddusdan haydalishini "etnik tozalash" deb atamoqda. Isroil Oliy sudi quyi sudning falastinliklarni Shayx Jarrohdagi uylaridan haydash qarorini to'xtatib qo'ydi.

Sharqiy Quddusda falastinlikka qarashli uy buzilmoqda, 21-avgust, 2019-yil

Yahudiylarni uy-joy bilan ta'minlash bilan shug'ullanuvchi bir tashkilot yillar davomida falastinliklarni Sharqiy Quddusdan haydashga harakat qiladi. 2002-yilda 43 falastinlik haydalgan. Ularning uylari yahudiylarga berildi. 2008 va 2017-yillarda ham arablar bu yerdagi uylaridan chiqarildi.

Mahallada, asosan, falastinliklar yashagani bilan ularda bu yerlarga egalik qilishga hujjat yo'q. Isroilning "Nahalat Shimon" kompaniyasi yerni sotib olgan va bu yerga yahudiylarni joylashtirishga harakat qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 11-may, 2021-yil