Istanbuldagi aeroportda xurujlar, 41 odam o'lgan

  • Amerika Ovozi

Ambulances arrive at Istanbul Ataturk Airport, Turkey, following explosions, June 28, 2016.

Istanbulning Otaturk xalqaro aeroportida uch kishi o’zini portlatib, shu soatga qadar 41 kishining o’lgani ma’lum. 13 nafari xorij fuqarolari. 239 kishi jarohat olgan.

Yevropadagi uchinchi eng serqatnov aeroport terror xurujlari ketidan qayta ishga tushdi. Parvozlar davom etayapti.

Turkiya rasmiylarining aytishicha, hujumchilar aeroportga taksida yetib kelib, terminalga kiraverishda otishma boshlagan. Ularni politsiya qurshab olganidan so’ng birin-ketin o’zlarini portlatishgan.

“Ikki bomba portladi, o’q ovozlari eshitildi. Ko’pchilik yerga yotib oldi. Vahima ichida birov bizga “qoching” deya yo’l ko’rsatdi. Aeroport podvalida bir soatcha yashirinib o’tirdik”, - deydi guvohlardan biri.

Dastlabki xulosa shuki, hujumni “Islomiy davlat” guruhi amalga oshirgan.

Istanbulda xorijiy sayyohlarni nishonga olgan avvalgi xurujlarda ham shu ekstremist to’da ayblangan edi.

Mamlakat janubi-sharqida kengroq muxtoriyat uchun kurashib kelayotgan Kurdiston ishchilar partiyasi ham harbiylar va politsiyachilarni nishonga olib keladi.