Turkiyadagi xurujda bir o'zbekistonlik halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Otaturk xalqaro aeroportida sodir etilgan qonli xurujlarda nobud bo'lgan 41 odamdan biri O'zbekiston fuqarosi ekani aytilmoqda. Uning ismi Samat Muhiddinov. Xurujlarda, shuningek, Saudiya Arabistonining besh fuqarosi, ikki iroqlik, Eron, Tunis, Ukraina, Iordaniyadan bittadan fuqaro ham o'lgan.

Turkiya rasmiylari xurujlarda "Islomiy davlat" jangari guruhini ayblamoqda. Seshanba kuni avtomatlar bilan qurollangan uch odam aeroportda o't ochib, so'ng o'zini portlatgan.

Xurujda nobud bo'lganlar ro'yxati

Shundan so'ng barcha aviaqatnovlar to'xtatilib, Istanbulga uchayotgan samolyotlar boshqa aeroportlarga yo'naltirilgan. Turk Havo Yo'llari aviakompaniyasining bildirishicha, Otaturk aeroporti bugun qayta ishga tushgan.

Xurujlarda 239 odam jarohat olgan. 109 nafari kasalxonadan bugun chiqarilgan.

"Odamlar har tomonga qocha boshladi, qayerda panoh topishni bilishmasdi", - deydi guvohlardan biri.

Portlashlardan bir necha daqiqa o'tgach Otaturk aeroportida Albaniya Bosh vaziri Edi Ramaning samolyoti qo'ndi. U halok bo'lganlarga ta'ziya bildirdi.

"Islomiy davlat" joriy yilda bungacha shaharda ikki bor xuruj uyushtirib, xorijiy sayyohlarni nishonga olgan edi.

Turkiyada man qilingan Kurdiston ishchilar partiyasi ham vaqti-vaqti bilan hujum qilib turadi, ammo nishonga, asosan, xavfsizlik kuchlari olinadi.

7-iyun kuni isyonchilar politsiyachilar ketayotgan avtobusni portlatib, 11 posbonni o'ldirgan edi.

O'tgan yili ham Istanbul va Anqarada Daish va kurd jangarilari xurujlar sodir etgan.