Istanbulda ikki oylik ichimlik suvi qoldi

  • Amerika Ovozi

Turkiya rasmiylariga ko’ra, iqlim o’zgarishi tufayli Istanbul shahri qurg’oqchilik va haddan yuqori harorat bilan yuzlashmoqda. Bu esa ayrim kuzatuvchilar nazarida, ichimlik suvi tanqisligiga olib kelishi mumkin.

Quruq qish va haddan ziyod issiq yoz Istanbuldagi to’g’onlar va suv omborlarida suv miqdorining kamayishiga sabab bo’ldi.

Aholidan suvni tejash so’ralmoqda.

“Iqlim o’zgarishi dunyoga eng katta tahdiddir. Unga qarshi kurashni kuchaytirish kerak”, - deydi Istanbul hokimi Ekrem Imomo’g’li.

Shahar aholisining suvga bo’lgan ehtiyojlari hozirda Istanbuldan salkam 200 kilometr narida joylashgan Melen daryosi hisobiga qoplanmoqda.

Yevropa va Osiyo qit’alarida joylashgan Istanbulning o’ziga xos jug’rofiyasi vaziyatni murakkablashtirmoqda.

“Bizda integratsiyalashgan suv boshqaruvi mavjud va optimallashtirish bo'yicha ko'plab tadqiqotlar olib borilmoqda. Suv mamlakatning Osiyo qismidagi Melen daryosidan olinib,

Yevropa qismiga yo’naltirilmoqda”, - deydi Istanbul suv va kanalizatsiya boshqarmasidan Tugba O’lmez-Hanji.

Istanbul aholisining 35 foizi Osiyo qismida, qolgani Yevropa qismida yashaydi. Suv zaxiralari Osiyo qismida ko’proq.

Suvdan ko’p foydalanayotgan istanbulliklarga bu haqda sms kelib turadi, aholidan suv bosimini cheklovchi maxsus klapanlardan foydalanish so’raladi.

Haroratning rekord darajada yuqoriligi natijasida suv omborlarida bug’lanish kuchaygan. Yog’ingarchiliklar bo’lmasa, shahar ikki oydan so’ng suvsiz qolishi aytilmoqda. Istanbul ma’muriyati suv iste’moli nazoratining kuchaytirilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Suv muammosi hal etilmasa, muxolifat vakili bo’lgan hokim Imomo’g’li kelasi yilgi saylovda mag’lub bo’lishi mumkin.

Prezident Rajab Toyib Erdog’an Istanbulni hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi nazoratiga qaytarish ahdida qat’iy.