Qirg’izistonda referendum tugab, davlat arboblari boshqaruvni mustahkamlashga va’da bermoqda. Jalolobod va O’sh ahli avvalo tartibsizlikka barham berishni so’ramoqda.
“Saylovlarga ishonmay qo’yganman. Avval qishloq deputatligiga nomzodimni qo’yganimda qanday iflosliklar bo’lishini ko’rib, sistema qanchalik yolg’on ekanini bilganman. Misol uchun, elning ko’ziga to’g’ri o’tganday ko’ringani bilan, hal qiluvchi jarayon yuqoridan qanday buyruq bo’lsa, shunday bo’ladi”, - deydi Shuhrat Egamberdiyev, jalolobodlik ziyoli.
“Biz konstitutsion huquqlarimiz teng bo’lishini talab qilib chiqqan edik. Kattalarimiz o’zbek tiliga davlat maqomi berilsin deb taklif qilgan edi. Elning ichida yurib, uning fikrini eshitib yuribmiz, lekin muvaqqat hukumatga ishonch yo’q, to’g’risi. To’g’ri, til topishib, ishlab yurgan o’zbeklar ham bor”, - deydi u.
“Shaharda gumanitar yordam aniq uyi kuyganlarga berilmoqda. Bundan tashqari, Jalolobodda Qirgiz-o’zbek universitetiga o’t qo’yilgandan so’ng bir us muallimi yordam bering, maoshlarimiz to’lansing, deb so’rab borgan. Bu xususiy universitet, insonparvarlik yordami beriladigan idora emas, deb qaytarib yuborishgan. Ikki oydan beri hech kim maosh olgani yo’q”.
“Bu ketishda yana tepkilanamiz degan gap-so’zlar ham yo’q emas. Davlatning siyosati bir tomonlama ketayapti, deydi ba’zilar. Chunki birorta o’zbekning kuygan uyini ko’rsatgani yo’q ular. Vaholanki, ishxonalar, uylar – faqat o’zbekning uyi kuyib ketgan. Mana, O’sh TV bilan Mezon TVning yonib ketishi o’zbeklarning ovozini o’chirish bilan barobar. Yillar davomida yig’ilib kelgan taranglik, adovatning oqibati bu”, - deydi Shurat Egamberdiyev.