Yaponiyada hukmron Liberal-demokratik partiya rahbari yangilanishi ketidan 27-oktabr kuni mamlakatda umumiy saylovlar bo’lib o’tadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Agar ijtimoiy so’rov natijalari aldamasa, mamlakatni so’nggi 65 yilda 62 yil boshqargan partiya parlamentda ko’pchilikni boy berishi mumkin.
Partiya rahbarligini 27-sentabr kuni, hukmron partiya sardori sifatida bosh vazirlikni 1-oktabr kuni qo’lga kiritgan sobiq mudofaa vaziri Shigeru Ishiba siyosiy mavqesini kuchaytirish maqsadida quyi palatani tarqatib, bir yil erta saylov o’tkazishni buyurdi.
Biroq kuzatuvchilar saylov Ishiba kutganidan teskari natija berishini taxmin qilmoqda.
“Taxmin qilinayotgan saylov natijasi Liberal-demokratik partiya va Bosh vazir Ishibani o’ta zaiflashtirishi mumkin”, - deydi Yaponiyaning Tiba shahrida joylashgan Kanda universiteti professori Jeffri Xoll.
Sobiq bosh vazir Fumio Kishida siyosiy axloqsizlikka oid janjallardan so’ng partiya sardorligi va bosh vazirlikdan ketishga majbur bo’ldi, biroq ushbu mashmashalar oqibatlari Ishiba hukumatiga soya solmoqda.
Saylovchilar iste’mol narxlarining ko’tarilishiga sabab bo’lgan inflyatsiyadan ham norozi.
Saylov Ishibaning mavqeini tushirsa, u partiya ichidagi konservativ raqiblari ra’yiga qarashi kerak bo’ladi, deydi Tokioda dars beruvchi professor Maykl Kuchek.
“Ishiba saylovda jiddiy mag’lubiyatga uchrasa, u konservatorlarni asosiy doiraga kiritishga majbur bo’ladi. Bu esa Yaponiyani hozirgidan ancha radikallashtiradi”, - deydi olim.
Kuchek tashqi siyosatda katta o’zgarish bo’lmasligini taxmin qiladi. Biroq bosh vazirning millatchi partiyadoshlari Janubiy Koreya bilan aloqalarni iliqlashtirish kabi masalalarni qiyinlashtirishi mumkin, deydi u.
Dushanba kuni o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasiga ko’ra, liberal-demokratlar parlamentda 247 ta o’rindan 50 tasini yo’qotishi mumkin. Hukmron koalitsiyaga kirgan va parlamentda 32 ta o’ringa ega sentrist-konservativ “Komeyto” partiyasining ham parlamentda vakillari kamayishi aytilmoqda.
Agar Ishida partiyasi ko’pchilikni kafolatlovchi 233 ta o’rinni qo’lga kirita olmasa, u yana biror partiya bilan ittifoq tuzishga majbur bo’ladi.
Kuzatuvchilar bosh vazir hozirgi parlamentda 44 ta o’ringa ega konservativ “Innovatsiya” partiyasini koalitsiyaga taklif etishi mumkinligini aytadi.
2009-yil saylovida liberal-demokratlarni mag’lub etgan Yaponiya Konstitutsion demokratik partiyasi mamlakatda ikkinchi yirik partiya hisoblanadi, quyi palatada 96 ta vakilga ega. Agar u maydaroq muxolif partiyalar bilan ittifoq tuzishga muvaffaq bo’lsa, yana hokimiyatga qaytishi mumkin bo’ladi.
Biroq kuzatuvchilar KDPning qarashlari ko’plab boshqa muxolif partiyalarnikiga mos tushmasligini aytadi. Saylovda kim g’alaba qozonishidan qat’i nazar Yaponiyani siyosiy beqarorlik kutmoqda.