Musulmonlar al-Aqso masjidiga kirish cheklanganidan norozi

  • Amerika Ovozi

Falastinlik bir odam metallodetektordan o'tyapti, Quddus, Isroil

O’tgan hafta Isroilning uch arab fuqarosi Quddusda ikki politsiyachini otib o’ldirganidan so’ng hukumat al-Aqso masjidiga kirishda metallodetektor o’rnatib, juma kuni masjidni yopib qo’ydi. Islom dunyosining ko’zga ko’ringan vakillari Isroilning bu qarorini qoralab chiqdi.

Isroil politsiyasi matbuot kotibi Miki Rozenfeldning aytishicha, bunday xavfsizlik choralari hududga shubhali odamlar kirishining oldini olish uchun qilindi.

“Metallodetektordan o’tgan musulmonlar, sayyohlargina ichkariga qo’yiladi”, - deydi u.

Iordaniya musulmonlari idorasi Isroil cheklovni bekor qilmaguncha namozni masjidda emas, balki boykot sifatida tashqarida o’qishga chaqirmoqda.

Turkiya bosh vaziri o'rinbosari No'mon Kurtulmush Isroil qarorini qoraladi.

"Masjid 1967-yildan beri yopilmagan, birorta juma namozi qoldirilmagan edi. Isroil bahonasi bilan qilingan bu ishni hazm qila olmaymiz. Bu insoniyatga qarshi jinoyat, diniy erkinlikning buzilishi", - dedi turk rasmiysi.

Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov ham masjidning juma kuni yopilganini tanqid qildi.