"Juntin" qanday bayram? Tarixi va mohiyati

  • Amerika Ovozi

Amerikada yangi davlat bayrami joriy etildi. AQSh Prezidenti Jo Bayden 19-iyunni qullikdan ozod etilgan kun deb e’lon qildi. Amerikada ingliz tilida bu bayram “Juntin” deb ataladi.

Aslida qora tanli aholi bu kunni 1865-yildan beri norasmiy ravishda nishonlab kelgan. O’shanda eng so’nggi qullar ozod bo’lgani haqida xabar topgan edi, garchi Prezident Avraam Linkoln “Ozodlik proklamatsiyasi”ni bundan 2,5 yil oldin imzolagan bo’lsa-da.

Your browser doesn’t support HTML5

"Juntin" qanday bayram? Tarixi va mohiyati

Amerikaning qora tanli aholisi “Juntin” yoki Ozodlik kunini 1865-yil 19-iyunidan beri har yili nishonlab keladi. Vashingtondagi Afro-Amerikaliklar milliy tarixi va madaniyati muzeyi tarixchisi Kelli Ileyn Navis bu bayram tarixi haqida hikoya qiladi.

“1865-yil 19-iyunida general Gordon Granjer Texasning Galveston shahriga ittifoqning 1800 ta askari bilan yetib boradi. Aksariyati oq tanli emas edi. Ularga qullikka qonunan barham berilgani haqida e’lon qilindi. Bu juda muhim edi, garchi “Ozodlik proklamatsiyasi” 1863-yil 1-yanvarida imzolangan bo’lsa-da. Biroq proklamatsiya faqat konfederatsiyaga kirgan shtatlarga va ittifoq kuchlari bor joyda kucha ega edi”, - deydi mutaxassis.

Navis yoshligini eslarkan, maorif xodimi bo’lgan otasi oilada “Juntin”ni nishonlashni odat qilganini aytadi.

“U [otam] Berkli maktabidagi o’quvchilarini bayramga da’vat etibgina qolmay, do’stlari, oila a’zolari, mahalladoshlarini ham taklif etardi. Kechasi bilan mehmonlarning ko’nglini ovlab, barbekyu pishirardi, men esa piyoz to’g’rab, kartoshka tozalardim. Maxsus dastur ham bo’lardi. Bolalar she’r aytishardi, raqsga tushishardi, mehmonlar navbatma-navbat ma’ruza qilardi. Oqsoqollar o’tmishdagi hayotlarini, qora tanlilar qissasini so’zlab berardi”, - deydi tarixchi.

“Juntin” shu kungacha salkam barcha 50 shtat va poytaxt Vashingtonda mahalliy bayram edi. O’tgan yili Jorj Floyd, Breonna Teylor va boshqa qora tanlilarning o’limi natijasida minglab odamlar irqchilik va adolatsizlikka qarshi namoyish qildi. Shunda Kongressdagi ayrim demokrat va respublikachi qonunchilar “Juntin”ni federal bayram qilishga ahd qildi.

Qora tanlilar qullikdan ozod bo’lgan kundan 150 yildan ko’p vaqt o’tib, Kongress shu haqda qonun qabul qildi, prezident esa uni imzolab, Oq uyda maxsus tadbir uyushtirildi.

“Bu afro-amerikalik qullarning ozod bo’lganini nishonlaydigan sana bo’libgina qolmay, xotira kuni hamdir. Bu kun bayram sifatida e’lon qilingani yaxshi, biroq bundan keyin qanday nishonlanishi, odamlarga bu haqda ma’lumot berish uchun qanday qo’llanishi, haqiqiy erkinlikka erishish ham muhimdir. Bu hammamiz uchun ijobiy o’zgarish bo’ladi deb o’ylayman”.

Vashingtondagi Xovard xususiy universitetining huquqshunoslik bo’yicha professori Jastin Xansford bu kun bilan bog’liq bir qarama-qarshilikka e’tibor qaratadi.

“”Juntin”ni federal bayram deb e’lon qilish haqidagi qonun loyihasi Senatda qabul qilingan kun “Juntin” ilk e’lon qilingan Texas shtatida qora tanlilar tarixi haqida ta’lim berish imkoniyatidan ayiruvchi shtat qonuni qabul qilindi. Qora tanlilar tarixidagi eng muhim voqeani tan oluvchi bayonot qabul qilingan kunda bunday bo’lishi masxarabozlikdan boshqa narsa emas”, - deydi huquqshunos olim.

Texas shtatidagi qonunga mualliflik qilgan mahalliy qonunchi Stiv Tot dalillar ochiq oydin ekanini, hech bir mavzudagi muhokamaga to’siq qo’yilmayotganini, taqiq yoq’ligini aytdi.

Biroq Xansfordning aytishicha, “Juntin” bayramini nishonlash va ba’zi ta’limotlarni taqiqlash o’rtasida bog’liqlik borligini tushunish lozim.

““Juntin” hikoyasi ozod bo’lgan, ammo ozod bo’lganidan xabardor bo’lish imkonidan ayrilgan qora tanlilar hikoyasi ekanini unutmang. Hozir Texas, Florida va boshqa shtatlarda “irq masalasini tanqidiy o’rganish nazariyasi”ga qarshi qonun qabul qilinib, yana axborot olish huquqidan mahrum qilishyapti”, - deydi professor.

Xensford nazarida, “irq masalasini tanqidiy o’rganish nazariyasi” irqning Amerika jamiyatining shakllanishidagi muhim rolini o’rganishga qaratilgan predmetdir. Nazariya 1970-yillardan beri o’rganilayotgan bo’lsa-da, yaqindan beri siyosiy mavzuga aylandi. Bir necha kun oldin Florida Ta’lim kengashi ushbu nazariyani davlat maktablarida o’qitishni taqiqlab qo’ydi.

"Bu odamlarni xarakteri mohiyatiga qarab emas, balki terisining rangiga qarab o’zini muayyan irq vakili sifatida ko’rishiga yetaklaydi deb o’ylayman”, - dedi gubernator Ron Desantis".

Virjiniyaning Lizburg shahrida ota-onalar “irq masalasini tanqidiy o’rganish nazariyasi”ning maktablarda o’qitilishiga qarshi namoyish qildi.

Faol Patti Menders irqchilikni qoralovchi ta’limotlarga e’tiroz bildiradi. Uning nazarida, bunday yondashuv oq tanli bolalarni o’zini zolim deb ko’rishga majburlashi mumkin.
Maktablarda o’quv dasturi tortishuvlarga sabab bo’layotgan bir paytda “Juntin”ni federal bayram deb e’lon qilishga qaratilgan qonun kuchga kirdi.