Saudiya Arabistonida bu yili cheklangan ravishda haj ziyorati davom etarkan, Makkada Ka’ba toshi ustidagi “kisva” deb nomlanuvchi yopinchiq yangilandi.
Qiymati 6,4 million dollarlik yopinchiqning og’irligi 675 kilogram bo’lib, sirti qora rangli toza ipakdan, tagi esa zangori ipakdan tayyorlanadi.
O’nlab kilogram tilla va kumush iplar bilan Qur’on oyatlari unga kashta qilib tushirilgan.
Haj amali chorshanba kuni boshlangan. Koronavirus pandemiyasi sabab bu yili faqat ming kishiga hajni ado etishga ruxsat berilgan. Shulardan 70 foizi qirollikda yashovchi xorijlik musulmonlar, qolgani esa saudiyalik tibbiy xizmatchilar va koronavirusdan sog’aygan xavfsizlik xodimlari.
Saudiya Arabistoni xorijiy mamlakatlar bilan chegarani yopgan. Qirollikda salkam 273 ming koronavirus bemori qayd etilgan. 2800 dan oshiq odam virusdan o’lgan.
Haj paytida odamlarga niqob taqish va ijtimoiiy masofani saqlash buyurilgan.
Kelasi yili haj ziyorati 17-iyulga belgilangan.
Ba’zi musulmonlar bu yilgi qoidalardan norozi. Falastinlik Nodir Jamol va uning singlisi Bosma bunday imkoniyatni 10 yil kutdi. Nihoyat hajga borish navbati kelganda Saudiya Arabistoni cheklovlar joriy etdi.
“Xushxabarni eshitganimizda rosa suyundik. Qarindoshlarimizga shirinlik tarqatdik. Ammo keyin bora olmasligimizni bilib, xafa bo’ldik”, - deydi Bosma Jamol.
G’arbiy Sohilda yashovchi 46 yashar Nodir Jamol Makkaga borish uchun 10 yil pul to’plagan, biroq bu yili ham hajga borish nasib qilmadi.