Hindiston parlamenti Kashmir muxtoriyatini bekor qiluvchi hukumat qarorini ma'qulladi

  • Amerika Ovozi

Hindiston parlamenti hukumatning Kashmir muxtoriyatini bekor qilish qarorini ma’qulladi. Bundan tashqari, qonunchilar shtatni bo’lishga qaratilgan qonun loyihasini ham qabul qildi.

Bu o’rtada Kashmirda barcha aloqa tizimlari ishdan chiqarilgan, aholining bunday radikal choralarga munosabati noma’lum.

Hududda komendant soatiga o’xshash tartib hukm surmoqda. Qo’shinlar Kashmir poytaxti Shrinagarning huvillab turgan ko’chalarini nazorat qilmoqda, ko’p joylarga tikanli simdan yasalgan barrikadalar qo’yib chiqilgan, xalqning norozilik namoyishlariga uyushishining oldini olish uchun internet va uyali aloqa xizmati uzilgan.

Biroq Hindiston poytaxti Dehlida yuzlab talabalar, so’l tashkilotlar a’zolari va kashmirliklar ko’chaga chiqib, hukumat qarorini Kashmir xalqiga nisbatan zulm deb unga e’tiroz bildirgan.

“Oddiy hindlar zolim emas. Ammo ularning nomidan siyosat yuritayotgan, ularning ovozlari va soliqlaridan foydalanib nomaqbulchiliklarga qo’l urayotgan hukumat bizga jabr bermoqda. Hindistonliklar bizning Kashmirdagi ayanchli turmushimizdan bexabar. Bilishganida jim qarab turishmasdi”, - deydi yuzini ko’rsatishni istamagan kashmirliklardan biri.

Hukumat qarorini qo’llab-quvvatlab chiqqanlar nazarida, muxtoriyatning bekor qilinishidan avvalambor kashmirliklarning o’ziga foyda.

Hindiston Konstitutsiyasiga ko’ra, Jammu va Kashmir shtati 1950-yillardan beri to’liq muxtoriyatga ega bo’lgan; shtat qonunchilik kengashi aloqa, mudofaa, moliya va tashqi siyosatdan boshqa masalalarda o’z qonunlarini yaratishga haqli edi. Hind fuqarolarining Kashmirda yer sotib olishiga ruxsat yo’q edi. Bundan keyin markaziy hukumat notinch hudud ustidan to’liq nazoratni qo’lga oladi, Hindiston qonunlari to’liq kuchga kiradi.

Yangi qonunga ko’ra, Kashmir federal hukumat tomonidan boshqariluvchi ikkita ma’muriy hududga bo’linadi. Birinchisiga, asosan, musulmonlar yashovchi Kashmir vodiysi va hindular ko’pchilikni tashkil etuvchi Jammu tumani kiradi, ikkinchisiga esa buddistlardan iborat Ladakx mintaqasi.