Afg’on talabalar Nazarboyevdan yordam so’ramoqda

Qozog'istondagi afg'on talabalar

Qozog’iston poytaxti Ostona shahridagi afg’onistonlik talabalar Prezident Nursulton Nazarboyevdan afg’on zaminida tinchlik ta’minlanishi uchun yordam berishini so’ramoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining xavfsizlik yig’inidan xabardor bo’lgan ushbu talabalar ularning istaklari mazkur sammitda bayon etilishini talab qilib chiqqan.

Harakat yetakchisi Hafizulla Qodiriy Qozoq Agrotexnika Universitetida tahsil olmoqda. Besh yildan beri ushbu davlatda yashayotgan yigit boshqa talabalar bilan ittifoq tuzib, Afg’onistonda sulhga erishish ustida ishlamoqda. Qodiriy Amerika rahbari Donald Tramp va Suriyaning tinchlik uchrashuvlariga mezbonlik qilgan Qozog’iston hukumatidan madad so’ramoqda.

“Agar biz, yoshlar, birlashib, bir joydan ovoz chiqarsak, Afg’onistonda sulh ta’minlanishi uchun samarali bo’ladi deb o’ylayman”, - deydi Qodiriy.

Yoshlar vatan ravnaqi, taraqqiyoti uchun ishlashga tayyor, shunchaki ularga imkon yaratilishi kerak, biz hukumatimiz bilan birga ishlashga tayyormoz, deydi suhbatdosh.

Uning nazarida Osiyo tinchligi Afg’oniston tinchligi bilan bog’liq.

“Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekiston,Turkmaniston Afg’onistonda tinchlik ta’minlanishida ko’maklashishi mumkin. Agar Afg’oniston notinch bo’lsa, bilingki, Osiyo notinch. Shuning uchun ham bu davlatlar afg’onlarni sulh yo’lida qo’llab-quvvatlashi zarur”, - deydi Qodiriy.

U qozoq yoshlari bilan hamfikr ekanini ta’kidlaydi.

“Qozog’iston tashqi ishlar vaziri bizning universitet bilan bog’lanib, men bilan suhbatlashishi haqida aytgan. Ikki-uch kun ichida tashqi ishlar vaziri bilan ushrashaman. Yoshlar ilgari surayotgan g’oyalarni ular bilan ulashaman”, - deydi Qodiriy.

Afg’on yoshlarini qiynayotgan masalalardan biri Afg’onistonning xorijdagi salbiy tasviridir. Chunki xorijiy mamlakatlar aholisi afg’onlarni terrorchi sifatida taniydi.

“Qozoqlar yoki boshqa davlat yoshlari bilan suhbatlashganimizda biz bilan juda g’alati ravishda yondashadi. Matbuot har kuni jang, zo’ravonlik haqida aytar ekan, bu xorijiylar zehnida Afg’oniston o'ta salbiy ko’rinishda. Gohida, bizga sen terrorist emasmisan deganlari ham bo’lgan”, - deydi Hafizullah Qodiriy.

Yoshlar Afg’oniston kelajagidan umidvor. Ular vataniga qaytib, xalqqa xizmat qilish maqsadida.

Hozirgi kunda afg’onistonlik yuzlab yoshlar Qozog’istonda turli sohalarda tahsil olmoqda.