Qozog’istonda "davlat to’ntarishi" qilishga uringanlikda ayblanib bir guruh amaldorlar hibsga oligan. Aksariyati sobiq harbiylardan iborat. Ular yer islohoti yuzasidan mamlakatda o’tgan ommaviy namoyishlarga tashkilotchilik qilganlikda ham ayblanmoqda.
5-iyun kuni Aktobe shahrida kuzatilgan qurolli to’qnashuvlar bu hibslarga bog’liqmi, yo’qmi, hozircha noma’lum. 19 kishi o’lgan.
Qozog’iston Milliy xavfsizlik qo’mitasi 6-iyun kuni Ostonada matbuot anjumanida “mamlakatda rejalangan davlat to’ntarishi” bartaraf etildi, deya bayon qildi.
Hibsga olinganlar ichida bosh prokurorning sobiq o’rinbosari, ichki ishlar vazirligi generali, harbiy qismning sobiq qo’mondonlari bor.
Ikki oy muqaddam Chimkentda qamoqqa olingan tadbirkor To’xtar Tuleshov davlat to’ntarishi rejasini moliyalaganlikda ayblanmoqda. Qozog’istonda yer islohotiga qarshi namoyishlar ham Tuleshov rejasiga ko’ra amalga oshirilgan, deydi rasmiylar.
Namoyishchilar esa buni inkor etadi. Davlat to’ntarishi rejalangani haqidagi ayblovlar asossiz, tazyiqdan boshqa narsa emas, deydi faollar.
Qozoq muxolifati a’zolaridan biri Aydos Sodiqov:
“Milliy xavfsizlik qo’mitasining bu aybnomasi, ayniqsa Tuleshovni namoyishlarga aloqador deb ko’rishi, norozilik chiqishiga u moliya ajratgan degan da’volar asossiz. Namoyishlarda qatnashgan har bir faol buni yaxshi biladi. Norozilik oddiy xalq irodasini ko’rsatdi. Ishtirokchilar ham, faollar ham hech kimdan hech narsa olmagan. Odamlarning o’zlari ko’chaga chiqa boshlashdi. Bundan sarosimaga tushib qolgan hukumat ikki yo’lni tanladi: birinchisi yer masalasi bo’yicha muloqot komissiyasi tuzish, ikkinchisi esa keskin tazyiqlar. Hozir ikkinchi variant to’liq ishga tushmoqda. Norozi odamlarni davlat to’ntarishi qilishda ayblash boshlandi. Bu ketishda vaziyat yanada keskinlashishi mumkin”.
5-iyun kuni Aktobe shahrida uyushtirilgan qurolli to’qnashuvda noma’lum diniy ekstremistik guruh gumon qilinmoqda.
Bir do’konga bostirib kirishgan, keyin esa harbiy qurol-yarog’ omboriga hujum qilishgan. Otishmada 19 kishi o’lgan, ulardan 11 nafari jangarilar, deyiladi rasmiy ma’lumotlarda.
Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, otishmalar paytida 40 dan oshiq odam jarohatlangan. Ayni paytda Aktobeda favqulodda holat e’lon qilingan, aksilterror amaliyotlari davom etmoqda.
Bu qurolli to’qnashuv Qozog’iston Milliy xavfsizlik qo’mitasi ta’kidlayotgan “davlatni to’ntarishga urinish” bilan bog’liqmi, buni bilmaymiz. Bu borada hozircha faqat taxminlar mavjud.
Aydos Sodiqov fikricha:
“Surishtiruvlar davom etmoqda. Aniq bir narsa aytish qiyin. Shunisi ayonki, Aktobe xalqi Qozog’istonning boshqa viloyatlaridan farq qiladi. Ular hukumatning tazyiqlariga munosib javob berishi mumkin. Shuning uchun ham buni yaxshi bilgan maxsus xizmatlar va politsiya aholini, ayniqsa ma’lum bir diniy oqimga mansub guruhni qiynoqlar va tinimsiz bosimlar bilan keskin qarshilik ko’rsatishga majburlagan bo’lishi mumkin. Vaziyat shunga o’xshaydi. Biror bir tayyorgarliksiz odamlar birdaniga qurol topib, hujumga o’tish qaroriga kelishgan”, - deydi Sodiqov.
Yer islohotiga qarshi keng miqyosli namoyishlar 21-may kuni o’tishi rejalangan edi, lekin o’nlab faollar va voqeani yoritishga borgan jurnalistlar hibsga olindi va chiqishlarga yo’l qo’yilmadi.