Qozog'iston: Millatparvarlik erkinlik va adolatga asoslanishi kerak

Olma-Ota, Qozog'iston

Mustaqillikning birinchi chorak asrida Markaziy Osiyo davlatlarida millat, millatparvarlik, millatchilik, xalq, elat va o’zlik singari tushunchalar yangidan qanot yozdi va odamlar ozmi-ko’pmi ular orasidagi farqni anglay boshladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qozog'istonda millatvarlik nimani anglatadi? Ziyolilar davrasida

Millatparvarlik va millatchilik turlicha g’oyalar ekanini tushunib yetish juda muhim, deydi ziyolilar, lekin millatparvar insonni millatchilikda ayblash juda oson.

Chunki o’z millati manfaatini ko’zlagan odamni boshqa millatlarga qarshi chiqayotgandek ko’rish, ko’p hollarda, tabiiy bir holat, deydi yaqinda Vashingtonda bu borada davra suhbati olib borgan qozog’istonlik mutaxassislar. Ular nazarida har bir elat o’ziga nisbatan ishonch va hurmatga ega bo’lish yo’lida murakkab bir jarayonni bosib o’tadi.

Qozog’istonda ijtimoiy faollik kuchaygan. Bu harakat ortida o’zini qozoq millatparvarlar deb atovchi doira turibdi.

Olma-Ota boshqaruv universitetida lektor, faylasuf, yirik jamoat jamg’armasi asoschisi Valixon Tuleshov (Valikhan Tuleshov) deydiki, natsionalizm - erkinlik va o’zlik uchun kurash.

Qozog’istonda bu borada kechayotgan bahs-munozara millat o’sayotganidan darak, deydi u.

Millatparvarlikni targ’ib qilmay, qozoqlar kim va qozoqlik nima ekanini tushunib yetmay, mustahkam davlatchilik, sog’lom fuqaro jamiyati, haqiqiy taraqqiyot va tafakkurga erishib bo’lmaydi, deydi u. Tarixdan va dunyo tajribasidan saboq olish kerak; qo’shni xalqlar bilan til topishib, ular ishonchi va hurmatini qozonish kerak; madaniy me’yorlarni belgilab, elatni kuchli qiladigan qadriyatlarga urg’u berish kerak. Qozog’iston qozoqlar yurti ekani sir emas, deydi ziyoli, lekin bu zaminni vatan deb bilgan boshqa elatlarning vakillari ham tahqirlanmasligi, kamsitilmasligi shart.

Natsionalizm - mantiqiy g’oya, millat manfaatlari va davlatning global maydondagi nufuzi uchun xizmat qiladi, deydi Valixon Tuleshov. Olim fikricha, qozoq tilini bilish, qozoq madaniyatini o’rganish va e’zozlash har bir fuqaro, qay elat vakili bo’lishidan qat’i nazar, faqat foyda keltirishini isbotlash kerak.

Valixon Tuleshov yana bir narsaga urg’u beradi: qozoqlar - turkiy xalq. Ular boshqa turkiylar bilan ma’nan bog’langan va buni qadrlash kerak. Markaziy Osiyo birdam bo’lsin desak, turkiylikka tayanib, birga qadam tashlash zarur, deydi u. O’ziga ishongan millatlar bu jarayondan cho’chimaydi, chunki integratsiya suverenitet va davlatchilikka tahdid solmaydi, deydi u.

Tarixchi, yozuvchi va faol Aydos Sarim (Aidos Sarym) nazarida davlatchilik va millatparvarlik nima ekanini o'rganish jarayoni hech qanday bosimsiz, oshkora va erkin kechishi kerak.

Odamlar o’z fikrini bemalol bildira olsin, boshqalarning fikri bilan tanishsin, dolzarb masalalarni erkin muhokama qila olmagan jamiyat na xalq bo’la oladi, va na kuchli davlat, deydi u.

Aydos Sarim haqiqiy mustaqillik fuqarolardan qattiq iroda va tinimsiz mehnat talab qiladi deydi. Uning nazarida Markaziy Osiyoning biror davlati hali tom ma’noda mustaqillikka erishgani yo’q. Chunki, deydi u, davlat fuqaroga tahdid manbai sifatida qarashda davom etmoqda. Uning fikricha, real demokratik qadamlarsiz, millat uzoqqa bora olmaydi.

Qozog’iston hukumati yillar davomida “avval iqtisodiy, keyin esa siyosiy taraqqiyot”, deb keldi. Mana bildikki, deydi Aydos Sarim, bu bir safsata ekan. Chunki siyosiy ongi zaif bo’lgan jamiyatda biror bir sohada barqarorlikka erishish mumkin emas. Barqarorlik fuqarolardan to’g’ri va vijdoniy qarorlar qabul qilishni talab qiladi. Qorin to’q bo’lgani bilan vijdon bo'lmasa qiyin, deydi Sarim.

Hukumat fuqaroga tayanch sifatida qarasin; daromad manbai neft emas, insoniy kapital bo'lsin, deya undaydi ziyoli.

Millatparvarlik tuzum demokratik, jamiyat oshkora, fuqaro erkin bo’lishini taqozo etadi, deydi Aydos Sarim. Uningcha, Qozog’iston ahli rahbariyatni qanchalik quvvatlamasin, bu haqiqatni kun sayin anglab yetmoqda. Avtoritar tuzum millatni yuksaltirmaydi, demokratiya bilangina bunga erishish mumkin, deydi Sarim.

Jurnalist-tadqiqotchi Marat Raimxanov (Marat Raikhanov) liberal demokratiya tarafdori.

Uningcha, individualizmga o’rin bermay, na millat va na kuchli davlat bo’lasiz. Buyuk millatmiz deya ko’ksimizga uravermay, qozoqlarga erkinlik va tanqidiy fikrlash uchun imkon berish kerak. Millatparvarlik umuminsoniy qadriyatlarni e'zozlash demakdir. Odamlar o’zi uchun o’zi hal qilsin, deydi u.

“Qozog’iston tolerant, dunyoqarashi keng va har taraflama rang-barang va global jamiyatga aylanishini istaymiz”,- deydi Raimxanov.

Qozog’istonlik jamiyatshunos Serik Beissembayev tahlilicha, millatparvarlik va vatanparvarlikning asl mohiyati bilimda.

Yosh avlod idrokli bo’lishi uchun zamin yaratayapmizmi? Jamiyatdagi illatlarni ochib berib, muammolarga konkret yechimlar taklif qilayotgan fuqarolar faqat o’zlari emas, butun jamiyat manfaati uchun xizmat qilayotganini tan olayapmizmi? Buyuklik va ustunlikni ro’kach qilib, o’zini vatanparvar deb ataydiganlar har bir yurtda yetarli, deydi olim, lekin xalq va millat uchun xizmat qilish nima ekanini ko’pchilik bilmaydi.

Aydos Sarim bu fikrga qo’shiladi. Uning nazarida, qozoq qadriyatlarining birortasi aslida demokratiyaga qarshi emas. Millatparvarlik o’tmish haqida va'z o’qish emas, deydi u, erkin va yorqin kelajakni qanday quramiz?

Valixon Tuleshov kabi u ham Markaziy Osiyo istiqboli turkiy birdamlik va hamjihatlikka asoslanishi kerak deb hisoblaydi. Mintaqadagi besh davlatdan birortasi bu haqda real o’ylayotgani yo’q, fuqarolar orasida ham tashabbuskorlik sust, deydi u. Aydos Sarim fikricha O’zbekiston va Qozog’iston bu borada birga harakat qilsagina, integratsiya bo’lishi mumkin, biroq bugungi tuzumlar bunga qodir emas.

Jorj Vashington Universitetida 14-yanvar kuni kechgan davra suhbatini quyida to'liq holda rus tilida tinglashingiz mumkin:

Valixon Tuleshov va Aydos Sarim, Jorj Vashington Universiteti, 14-yanvar, 2016

Valixon Tuleshov va Aydos Sarim, Jorj Vashington Universiteti, 14-yanvar, 2016

Serik Beissembayev, Valixon Tuleshov va Aydos Sarim, Jorj Vashington Universiteti, 14-yanvar, 2016