Kerri: AQSh Misrni hamon do'st deb biladi

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Misr muvaqqat prezidenti Odil Mansur (o'ngda) bilan muloqot chog'ida, Qohira, 3-noyabr, 2013-yil.

AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Misrga harbiy yordamni to’xtatgani bilan bu davlatni hanuz yaqin do’st va hamkor deb biladi.

Kerri bu haqda Qohirada Misr tashqi ishlar vaziri Nabil Fahmiy bilan matbuot anjumanida so’zlagan. Obama ma’muriyati mamlakatdagi siyosiy inqiroz va qon to’kilishlari sabab har yili ko’rsatiladigan 1,3 milliard dollarlik harbiy yordamning katta qismini muzlatgan.

Kerri ikki tomonlama munosabatlarni Misr muvaqqat prezidenti Odil Mansur bilan ham muhokama qilgan.

Qo’shma Shtatlar iyul oyida prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan chetlatilishi bo’yicha ham norozilik bildirgan.

Ertaga Mursiy ustidan sud boshlanadi. Muvaqqat hukumat uni dekabr oyidagi zo’ravonliklarga turtki berganlikda ayblamoqda. O’shanda prezident saroyi qarshisida bir necha odam o’lgan edi.

Bugun Kerri Saudiya Arabistoniga yo’l oladi. Kelasi to’qqiz kun davomida u Isroil, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Jazoir, Marokash va Polshada bo’ladi.