Amerika bosh diplomati Jon Kerri Shveytsariyaning Luzan shahrida Eron rasmiylari bilan uchrashuvi ketidan kelishuvga umid bildirdi. Tomonlar uzoq muddatli murosani istaydi, deydi u.
Eron yadroviy qurolga ega bo'lmasligini ta'minlash - AQSh va uning hamkorlarining maqsadi. Muzokaralarda Britaniya, Germaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya diplomatlari ham qatnashib keladi.
Kerri hozirda Londonda va u yerda ham shu mavzu muhokamada. So'ngra esa Vashingtonga qaytadi va Eron bilan muloqot kelasi hafta yana davom etadi. Oy oxirigacha umumiy masalalarda til topishish ko'zlangan.
Obama ma'muriyati Kongress bosimi ostida. U yerda hukmron respublikachilar Oq uy tutgan yo'ldan norozi va Tehronga bir necha kun oldin alohida maktub yo'llab, hozirgi har qanday bitim Obama prezidentligi tugagach bekor qilinishi mumkin deya ogohlantirgan.
Islomiy respublikaning pozitsiyasi shuki, Vashingtonga ishonch yo'q. Biroq iqtisodiy sanksiyalar ostida yashayotgan, xalqaro maydonda ancha yakkalanib qolgan davlat G'arb bilan kelishib olishdan manfaatdor.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy deydiki, bu dunyoda kelishib bo'lmaydigan masalaning o'zi yo'q.
Anchadan beri davom etayotgan muloqot, diplomatik so'zlashuv shundan darak bermoqdaki, mushtarak maqsadlar bor va azaliy g'animlar kelisha oladi.
Navro'z bayrami munosabati bilan xalqini qutlar ekan, Ruhoniy jahon ahli Eronni to'g'ri tushunishi uchun bu davlat dunyo bilan ochiq gaplashishi, o'zini tushuntirishi kerak. "Nimaga haqli ekanimizni isbotlay olamiz va shu yo'ldan ketmoqdamiz", dedi u xalqiga qarata.
Eron o'z atom dasturini yadroviy energiya sanoatining bir qismi deb tanishtiradi. G'arb bunga ishonmaydi.
Atom quroli yaratish uchun zarur elementlardan biri boyitilgan uran bo'lib, mana shu modda ustidagi ishlarni to'xtatish uchun Amerika va uning hamkorlari Eronga iqtisodiy yordam taklif qilmoqda. Sanksiyalar bekor qilinishi mumkin.