AQSh bosh diplomati Yaqin Sharqda

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu matbuot anjumani paytida, Quddus, 5-dekabr, 2013-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri bugun Quddusda bo’lib, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashdi. Uning aytishicha, Falastin bo’lajak davlati va Eron yadro dasturiga doir muzokaralar Isroil xavfsizligiga bog’liq.

AQSh Eronni yadro qurolini yaratish salohiyatidan ayirish uchun mavjud kuch-qudratini ishga solishga tayyor, dedi Kerri.

"Eron atom dasturi tinch maqsadlarga qaratilgan bo’lsa, buni isbotlash qiyin bo’lmaydi. Keng qamrovli yakuniy shartnoma bu borada yaxshi imtihon bo’lib xizmat qiladi", - deydi AQSh davlat kotibi.

Netanyaxu o’tgan oy Jenevada erishilgan dastlabki bitimga noroziligini yana bir bor bildirib, sanksiyalarni bekor qilish qarorini xato deb atadi.

Kerri va Isroil bosh vaziri Falastin bilan kechayotgan muzokaralarni ham muhokama qilgan. Isroil va Falastin iyul oyida to’qqiz oylik muloqotga kelishgan edi. Kerri shu bugunoq Ramallohda Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan ko’rishib, yana Isroilga qaytib boradi.