AQSh diplomati Kobulda muzokaralarni boshladi

  • Amerika Ovozi

AQShning Afg'oniston tinchlik muzokaralari bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod (o'ngda) Kobulda afg'on rasmiylari bilan, 2018-yil, 18-noyabr.

Tolibon bilan muzokara olib borish uchun mas'ul AQSh vakili Zalmay Xalilzod Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoyga safari ortidan Kobulga yetib keldi. Bu yerda uchrashuvlarni tugatib, so'ng Islomobodga borishi rejalangan.

So'nggi paytlarda Tolibon bilan muloqotda biror siljiz kuzatilmayotgan bo'lsa-da, Xalilzod mintaqa davlatlari bilan uchrashuvlarni davom ettirmoqda.

"Jarayon hozircha to'xtab turibdi. Bo'lajak uchrashuv vaqti va joyi noma'lum", - dedi Tolibonning yetakchi rasmiylaridan biri hafta boshida.

Shu oy avvalida Saudiya Arabistonida o'tishi rejalangan muloqot mezbon hukumat Tolibonni rasmiy Kobul vakillari bilan uchrashishga majburlashi ortidan bekor qilingan edi.

So'ng muloqot Qatar poytaxti Doxaga ko'chirildi. Mavzular bo'yicha kelishmovchilik bois u ham qoldirildi.

Qatar poytaxti Doxadagi Tolibon idorasi

Xalilzod va Tolibon o'rtasidagi so'nggi muloqot o'tgan yilning dekabrida Abu-Dabida o'tkazilgan edi. Bu uchrashuvda Pokiston, Saudiya Arabistoni, mezbon davlat vakillari ishtirok etgan.

Afg'oniston hukumati ham Abu-Dabiga o'z delegatsiyasini jo'natgan edi, ammo Tolibon ular bilan uchrashishni rad etdi.

Kobuldagi AQSh elchixonasi e'lon qilgan bayonotga ko'ra, Qo'shma Shtatlarning maqsadi "tomonlarni muzokaralar stoliga yig'ish va birgalikda siyosiy yechim topishdir".

Kobulda Xalilzod Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani, Bosh ijrochi Abdulla Abdulla hamda boshqa siyosiy yetakchilar bilan uchrashib, tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosiqchini muhokama qiladi.

Zalmay Xalilzod Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bilan, Kobul, 2018-yil, 10-noyabr.

Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar o'rtasidagi raqobat ham jarayonga putur yetkazayotgani aytiladi. "Reyters" xabariga ko'ra, Saudiya va BAA rasmiylari Qatarda o'tadigan uchrashuvlarda qatnashishdan bosh tortgan. Bu ikki davlat Qatarni jangarilarni qo'llab-quvvatlashda ayblab, 2017-yil Doxa bilan aloqalarni uzgan edi. Qatar bu ayblovlarni inkor etadi.

Dekabr oyida Prezident Donald Tramp Afg'onistondagi 7000 AQSh askarini vatanga qaytarish jarayoniga tayyorgarlikni boshlash haqida Pentagonga ko'rsatma bergan. Agar bu amalga oshsa, mamlakatdagi amerikalik askarlar soni yarmiga kamayadi.

O'tgan yili Vashington to'g'ridan tog'ri muloqot qilish haqidagi Tolibon talabini bajardi. Shundan beri AQSh va isyonchi guruh vakillari o'rtasida Kobul ishtirokisiz bir necha uchrashuv bo'lgani xabar qilinadi.

Bu orada Afg'onistonda vaziyat beqarorligicha qolmoqda. 14-yanvar kuni Kobulning qattiq qo'riqlanadigan hududida yuz bergan portlashda bir necha odam, jumladan, bir amerikalik halok bo'ldi.