Qoshiqchining o'limi Saudiya-G'arb aloqalariga qanday ta'sir qiladi?

  • Amerika Ovozi

Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi o’ldirilganidan so’ng ayrim mamlakatlar Saudiya Arabistoni bilan aloqalarini qayta ko’rib chiqishini aytgan. 2-oktabr kuni qirollikning Istanbuldagi konsullik xizmati binosiga kirgan muxbir qaytib chiqmagan. Turk tergovchilari u ichkarida qiynab o’ldirilganini da’vo qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 26-oktabr, 2018-yil - Qoshiqchining o'limi va G'arb bilan aloqalar

Buni bir necha kun inkor etib kelgan Saudiya Arabistoni hukumati o’tgan hafta Qoshiqchi mushtlashuv paytida jon berganini aytib, bu ishga aloqador 18 odamning hibsga olinganini bildirdi. Turkiya Qoshiqchi vahshiylarcha o’ldirilgan degan da’vosidan qaytmayapti.

Dunyodagi yirik neft ta’minotchisi bo’lgan Saudiya Arabistonini AQSh mintaqada muhim va ishonchli hamkor deb biladi. Biroq Jamol Qoshiqchining o’limi bu munosabatlarga putur yetkazishi mumkin.

“Ushbu hodisa ketidan nafaqat Saudiya Arabistoni, balki bu mamlakat joylashgan mintaqada G’arb yillar davomida inkor etib kelgan muammolar muhokama qilinishi kutilmoqda”, - deydi Vashingtondagi Vudro Vilson tahlil markazidan Robin Rayt.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Qoshiqchining o’limiga aloqadorlar, xususan Saudiya Arabistonida hibsga olingan 18 odam Istanbulda sudlanishini talab qilmoqda.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, qotillikda gumon qilinayotgan ba’zi odamlarning shaxsi aniqlangan va ularning AQSh vizalari bekor qilindi.

Amerika qonunchilari Saudiya Arabistoniga qarshi jazo choralari ko’rishni talab qilmoqda.

“Senat Global Magnitskiy qonuni orqali Oq uy ma’muriyatini jurnalistning o’limiga aloqador shaxslarga qarshi sanksiya qo’llashga chaqirmoqda. Yamandagi harbiy harakatlarda qatnashayotgan Saudiya Arabistoni samolyotlarini havoda yoqilg’i bilan ta’minlash amaliyoti to’xtatilishi mumkin”, - deydi “Amerika Ovozi”ning Senatdagi muxbiri Maykl Boumen.

Saudiya Arabistonining Yamanda hutiylarga qarshi harakatlari natijasida bu mamlakatda 10 mingdan ortiq inson halok bo’ldi, 14 million odam ocharchilik yoqasida turibdi.

AQShning Yamandagi sobiq elchisi Jerald Feyersteynning aytishicha, G’arb tarozining bir pallasiga inson huquqlarini, ikkinchi pallasiga esa mintaqaviy xavfsizlikni qo’yib bir qarorga keladi.

“Germaniya Saudiya Arabistoniga qurol savdosini to’xtatishini aytdi. Yevropa Ittifoqidagi hamkorlaridan ham shunday qilishni so’ramoqda. Qirollikning xavfsizlik bobidagi asosiy hamkorlari AQSh, Britaniya va Fransiya bo’lib, biroq bu davlatlar bu masalada Germaniya izidan ketgani yo’q”, - deydi sobiq diplomat.

Jerald Feyersteynning aytishicha, Saudiya Arabistoniga qarshi sanksiyalar uning neft ishlab chiqarish salohiyatini tushirsa, global iqtisodiy inqiroz kelib chiqishi mumkin.