Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Saudiya Arabistonidan saudiyalik jurnalist Jamol Hashoggining (familiyasining yana bir shakli - Hashakchi) tirik ekaniga dalil talab qilmoqda.
“Vashington Post” gazetasiga yaqinda ishga taklif etilgan 59 yashar muxbir 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligiga kirib, u yerdan chiqmagani aytiladi. Turkiya politsiyasiga ko’ra, qirollikning ashaddiy tanqidchisini diplomatik vakolatxona ichida qiynab o’ldirishgan. Saudiya Arabistoni Hashoggi konsullik binosini tark etganini da’vo qilmoqda.
Jamol Hashoggining taqdiri haligacha noma’lum. Uning oila a’zolari va do’stlari Saudiya Arabistoni konsulligi binosi yonida namoyish qilmoqda.
Turkiya prezidenti jurnalist bilan do’st bo’lganini aytib, Riyoddan uning tirik ekaniga isbot berishni talab qilmoqda.
“Konsullik xodimlari Hashoggi binoni tark etganini aytib, qutulib qolmoqchi. Buning isbotini talab qilamiz”, - dedi Erdog’an.
Turkiya fuqarosiga uylanmoqchi bo’lgan saudiyalik jurnalist buning uchun zarur hujjatlarni olish uchun konsullikka murojaat etgan edi. Uning qaylig’i Hadicha Chingiz ( Hatice Cengiz) Hashoggini tashqarida kutib, chiqqanini ko’rmagan.
Turk tergovchilari jurnalistni vakolatxona ichida o’ldirishib, jasadini diplomatik avtomobilda olib ketishganini da’vo qilmoqda. Politsiya konsullik xizmati binosiga kirib, sud-tibbiy ekspertizani amalga oshirish haqida konsulga murojaat etgan, ammo Muhammad al-Otaybi Hashoggining qayerdaligini bilmasligini aytgan.
“Konsullik va elchixonamiz uni qidirmoqda, biz ham bundan xavotirdamiz”, - dedi bosh konsul.
Turkiya razvedkasiga ko’ra, Hashoggi g’oyib bo’lganidan so’ng Saudiya Arabistonidan Istanbulga bir necha rasmiy kelgan.
Saudiya Arabistoni hukumati va, xususan, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmonning ashaddiy tanqidchilaridan bo’lgan Hashoggi vatanini o’tgan yil sentabrida tark etib, AQShda yashab kelayotgan edi.
“Jamol Hashoggi qirollik bilan yaxshi munosabatda bo’lgan, ammo hozirgi qirol va hukumat bilan Donald Tramp va Amerika siyosati yuzasidan chiqisha olmasdan mustaqil fikr yuritadigan, qirollikni ochiq tanqid qiladigan bo’lib qoldi. Undan qutulish kerak edi”, - deydi yo’qolib qolgan jurnalistning do’sti va “Yaqin Sharq nigohi” onlayn axborot portali muharriri Deyvid Xyorst.
Anqara qattiq javob berishga majbur, deydi u.
“Turkiyada arab tilida so’zlashuvchi to’rt million odam yashaydi. Misr, Suriya, Yamandan minglab dissidentlar bor. Agar hozir ularning ketiga tushishgan bo’lsa va Turkiya hukumati ularni o’z tuprog’ida himoya qila olmasa, Turkiyada vaziyat beqarorlashishi mumkin”, - deydi Xyorst.
AQSh Davlat departamenti rasmiylari Turkiya da’vosini tasdiqlay olmasligini aytib, vaziyatni yaqindan kuzatishayotganini bildirishmoqda.