Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning aytishicha, Suriyaning chegaraga yaqin Kobani shahri "Islomiy davlat" guruhi tomonidan ishg'ol etilish arafasida turibdi.
Asosan kurdlar yashaydigan bu shaharni kurd jangarilari uch haftadan beri mudofaa qilmoqda.
Erdog'anga ko'ra, jihodchilarni yengish uchun Suriyaga qo'shin kiritish lozim. AQSh havo hujumlari hozircha jihodchilar hujumini to'xtata olmayapti.
Kuzatuvchilarga ko'ra, uch haftalik olishuvlarda kamida 400 odam halok bo'lgan. Yarmidan ko'pi "Islomiy davlat" jangarilari.
O'n minglab odamlar shaharni tark etib, qo'shni Turkiyaga qochgan.
Islomiy jangarilar shaharning bir qismida joylashgan bir necha imoratni egallagan. Turkiyalik kurdlar Anqaradan yordam so'ramoqda.
Bugun Istanbul va Anqarada kurdlar hukumatdan jihodchilarga qarshi jang qilishni talab qilib, namoyish uyushtirgan. Mus shahrida namoyishchilar politsiya bilan to'qnashib, bir odam o'lgan.