Ikki Koreya qo’shma sanoat majmuasini qayta ochadi

  • Amerika Ovozi

"Kesong" majmuasida mehnat qilayotgan shimoliy koreyalik ayollar. Janubiy Koreya yuqori texnologiyasiga tayanuvchi bu sanoat kompleksi muhtoj shimol uchun muhim daromad manbai sanaladi.

Shimoliy va Janubiy Koreya “Keson” qo’shma sanoat inshootini qayta ochishga kelishib oldi.

Harbiy ziddiyat oqibatida majmua yil boshida yopib qo’yilgan edi.

Yetti bor ko’rishgan tomonlar nihoyat bugun besh banddan iborat bitimni imzolagan. Hujjat tafsilotlari hali e’lon qilinmayapti. Biroq ikki davlat rishtalari yaxshilanishiga umid paydo bo'lgan.

Shimoliy Koreya avvalroq yadro bombasi va raketani sinovdan o’tkazib, xalqaro hamjamiyat tomonidan qo’shimcha sanksiyalar bilan jazolandi.

Ketidan Amerika va Janubiy Koreya qo’shma harbiy mashqlar o’tkazdi.

Bundan norozi Pxenyan “Keson” majmuidan 53 ming ishchisini olib chiqdi.

Oradan ko’p o’tmay Janubiy Koreya ham xodimlarini chaqirib oldi. Loyiha ikki Koreyani birlashtiruvchi yagona zanjir bo'lib kelayotgan edi. Janubning yuqori texnologiyasiga tayangan loyiha muhtoj shimol uchun muhim daromad manbaidir. Janubiy Koreya uchun esa shimol arzon ishchi kuchini ta'minlab beradi.

Janubiy Koreyaning muhim shartlaridan biri - kelgusida orada qanday muammo bo'lishidan qat'iy nazar "Keson" ishlashda davom etishi kerak.

Kommunistik davlatning oldindan bilib bo'lmaydigan xatti-harakati bois kompaniyalar "Kesong "sanoat majmui va boshqa inshootlarga hissa qo'shishdan hayiqib qolgan, deydi Janubiy Koreya rasmiylari.