Hakki Akdeniz ancha yillar oldin Yaqin Sharqdan Nyu-Yorkka muhojir bo’lib kelgan. Uysiz qolib, ko’chalarda ham yashagan. Hozir u millioner, muhtojlarga yordam beradi.
Hakki Akdeniz doim ish bilan band. Garchi katta bir joyni sotib olishga qurbi yetsa-da, Nyu-Yorkda kichik bir kvartirada yashaydi.
“Orzularim pul bilan bog’liq emas. Mendan keyin nima qoladi, shu haqda o’ylayman. Gap menda qancha mol-dunyo borligida emas. Oddiy odamman. Qo’limdagi soat 100 dollar tursa kerak. Roleks olishga qurbim yetadimi? Albatta, lekin nima qilaman uni?”, - deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
39 yoshli Akdeniz kurdlar oilasida tug’ilgan. 17 farzanddan biri. O’smirlik davrida u Kanadaga ko’chgan. 2001-yilda esa yaxshiroq hayot izlab Nyu-Yorkka borishga qaror qilgan.
Amerikadagi do’sti unga yordam berishini aytgan. Ammo Akdeniz Nyu-Yorkka yetib kelganida u telefonni ko’tarmagan.
“O’sha kun hech esimdan chiqmaydi. Bu yerga kelgan kunim hayotimdagi eng muhim kun”, - deydi u.
Avvaliga arzon motelda turdi. Temir yo’l vokzalidagi skameykada tunadi. So’ng uysizlar uchun boshpanada uch oy hayot kechirdi.
“Men uxlaydigan xonada yana 25-30 kishi bo’lardi. Odamlar oson deb o’ylashi mumkin, lekin boshpanada turish oson emas, ba’zilar o’ylaganidek erkinlik ham emas”, - deydi Akdeniz.
U pitsaxonada idish-tovoq yuvuvchi bo’lib ishga kirdi. Pitsani to’g’ri kesib, pishirishni ham o’rgandi. Kuniga 19 soat ishlab, har bir tiyinni tejashga harakat qildi. Yillar o’tib, o’zining pitseriyasini sotib olish uchun yetarli mablag’ to’pladi. Ammo har qadamda oshxona uchraydigan shaharda ajralib turish oson emas.
Akdeniz pitsa tayyorlash tanlovida g’olib bo’lganidan so’ng jurnallarda rasmlari paydo bo’ldi. Shov-shuv ketidan mijozlari ko’paya boshladi.
“Mashhurligimga o’zim ishonmadim. Odamlar kela boshladi. Jurnallarni ko’tarib kelib, biz bilan rasmga tushishardi. Pitseriya tashqarisida navbat! Xudo ishning barakasini berdi, ikkinchi pitseriyani ochdim”, - deb eslaydi u.
Uning “Chempion” degan laqabi hozirda 14 restoranli tizimning nomiga aylandi. Akdeniz shuhrat qozonib, BMTda ham so’zlagan. “Instagram” kanalida uni to’rt million odam kuzatadi. Uysizlarni ovqatlantirayotgan videolarini ham millionlab odam tomosha qiladi.
Akdeniz Nyu-Yorkda uysiz bo’lish nimaligini biladi. Har chorshanba oziq-ovqat ulashadi.
“Odamlarda chiroyli tabassum bor, hech qachon tabassumni boy bermaslik kerak. Uysizlarga ham shuni aytaman. Hammasi yaxshi bo’ladi, deyman”, - deydi u.
Pul keladi, ketadi, deydi tadbirkor. Uning qiymatini sarfiyatdan nima naf bo’lgani bilan o’lchash mumkin xolos. Akdeniz yangi bir loyihaga mablag’ ajratadi – uysizlar yashaydigan va ta’lim oladigan olti qavatli boshpana qurishni rejalamoqda. Ba’zida inson oyoqqa turishi uchun unga birov ishonsa bo’lgani, deydi u.