AQSh Prezidenti Donald Trampning kuyovi va katta maslahatchisi Jared Kushnerning aytishicha, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Isroil bilan tinchlik bitimiga kelishishga tayyor emas.
"U so'nggi 25 yildan beri ayni gaplarni gapirmoqda. Haligacha kelishuv yo'q", - dedi Kushner Falastinning "Al-Quds" gazetasida chop etilgan intervyusida.
Unga ko'ra, Tramp ma'muriyati Isroil-Falastin tinchlik bitimi loyihasi ustida ishlamoqda, hujjat deyarli tayyor va falastinliklar bu jarayonda umuman qatnashmagan.
Kushner va AQSh maxsus elchisi Jeyson Grinblat 22-23 iyun kunlari Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muzokara qilgan. Undan oldin esa ular Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Qatar va Misrga bordi.
Kushnerning aytishicha, arab rahbarlari Falastin davlatchiligini qo'llab-quvvatlaydi.
Mahmus Abbos na Kushner va na Grinbelt bilan ko'rishdi. Prezident Tramp Quddusni Isroil poytaxti deb tan olishi va AQSh elchixonasini ko'hna shaharga ko'chirishi ketidan Falastin Muxtoriyati Qo'shma Shtatlar bilan muloqotni to'xtatib qo'ygan.
Falastinliklar sharqiy Quddusni bo'lajak davlatining poytaxti sifatida ko'radi va shahar maqomining bir tomonlama belgilanishiga qarshi, masala Isroil bilan muzokarada hal qilinishi kerak deb hisoblaydi.
"Agar Prezident Abbos muzokara stoliga qaytmoqchi bo'lsa, biz u bilan gaplashishga tayyormiz. Agar tayyor bo'lmasa, rejamizni ularning maslahatisiz ham e'lon qilaveramiz", - dedi Kushner.