"Qirg'izistonda pogromlar". Xalqaro guruh hisoboti shunday nomlanadi

  • Amerika Ovozi
Mojaro va inqirozlarni xalqaro miqyosda o'rganuvchi tashkilot zo'ravonliklarning yangilanish ehtimoli va markaziy hukumatning janubda boshqaruvni boy berishi mumkinligini xavotir bilan tilga olgan.

Mojaro va inqirozlarni xalqaro miqyosda o'rganuvchi tashkilot (International Crisis Group) iyun oyida Qirg'iziston janubida ro'y bergan xunrezlik bo'yicha hisobot chiqarib, zo'ravonliklarning yangilanish ehtimoli va markaziy hukumatning janubda boshqaruvni boy berishi mumkinligini xavotir bilan tilga olgan.

Bosh idorasi Bryusselda joylashgan guruh hisoboti "Qirg'izistonda pogromlar" deb nomlanadi va xalqaro hamjamiyatni Qirg'iziston hukumatidan mojaroning asl sabablarini o'rganishni talab qilishga chaqiradi.

Loyiha rahbari, tahlilchi Pol Kvin-Jajning aytishicha, mamlakatda qirgizlar va o'zbeklar o'rtasida jarlik hosil bo'lgan. Hozirdan chora ko'rilmasa, deydi u, yangi zo'ravonliklarga guvoh bo'lishimiz mumkin.

Jabrdiydalar diniy radikal kuchlar bilan birlashishi yoki xunrezlik rus, tatar, uyg'ur, dungan millatiga mansub guruhlarga ham qarshi qaratilishi mumkin, deydi u.

Guruh Qirg'iziston hukumatini Bishkek va O'shdagi ba'zi siyosatchilarning millatchilik kayfiyatiga barham berishga, xalqaro mustaqil tergovni o'tkazishda xorijiy mutaxassislarga yordam berishga chaqiradi.

Bugun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Qirg'iziston janubiga yuborilayotgan politsiya-maslahat guruhi rahbari Markus Myuller Bishkekda mamlakat rahbariyati bilan uchrashgan, jumladan prezident Roza Otunbayeva bilan.

Uning aytishicha, 53 kishidan iborat guruh jamoatchilik va huquq-tartibot organlari o'rtasida ishonchni tiklashda yordam beradi.

"Janubdagi jarayonlarga aralashmaymiz, betaraf bo'lamiz", deydi Myuller.

YXHT politsiya-maslahat guruhi 2005-yil mart inqilobidan so'ng ham O'sh va Jalol-Obodda muvaffaqiyatli ish olib borgan.