Turkiya-Qirg'iziston aloqalari kuchaymoqda

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo'g'an

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo’g’an Mongoliyaga safaridan oldin Bishkekda Qirg’iziston rasmiylari bilan uchrashib, ikki davlat o’rtasidagi iqtisodiy aloqalarni muhokama qildi. Ikki kunlik safar chog’ida turizm, havo qatnovi kabi yo’nalishlarda hujjatlar imzolangan. Ayni damda “Qirg’iziston-Turkiya” biznes forumi o’tkazilmoqda.

“Amerika ovozi” qirg’izistonlik mahalliy siyosatchilar va mutaxassislar bilan bog’lanib, qirg’iz-turk aloqalarining bugungi ahvoli va istiqboli borasida suhbatlashdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiya-Qirg'iziston aloqalari, Ulug'bek Sokin


Mustaqillik yillari Turkiya Qirg’izistonning asosiy savdo hamkorlaridan biriga aylangan. Ushbu o’lka mutaxassislari Qirg’iziston hayotining turli jabhalarida faoliyat ko’rsatib keladi. O’z navbatida turk oliy o’quv yurtlarida minglab qirg’izistonlik yoshlar ta’lim olmoqda.

O’shlik iqtisodchi olim Alisher Yusupovning aytishicha, qirg’iz-turk munosabatlari tez rivojlanmoqda.

“Turkiya tomoni Qirg’izistonga yirik sarmoyalar kiritmoqda. Turk sarmoyadorlari ko’proq savdo-sotiq, qurilish, ta’lim sohasiga e’tibor qaratmoqda. Aytaylik, Chuy, Norin, janubiy viloyatlarda qurilish kompaniyalari faoliyat ko’rsatmoqda. Qator turk maktablari ochilgan, poytaxt Bishkekda qirg’iz-turk universitetida minglab yoshlar ta’lim olyapti. Nazarimda, Turkiya bosh vazirining safari yirik investitsion loyihalarga turtki bo’ladi. Bordi-keldi osonligi, ayniqsa, ishbilarmonlarga qo’l kelyapti”, - deydi suhbatdosh.

Qirg’iziston parlamenti deputati Aynuru Altibayevaga ko’ra, birinchi navbatda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga urg’u bermoq lozim. Ayni paytda tomonlar boshqaruv tizimini takomillashtirish, madaniyat, tibbiyot yo’nalishlarida ham hamkorlik qilishi mumkin, deydi u.

“Bilasizmi, o’lkalarimiz o’rtasida ko’p o’xshashliklar bor. Masalan, Turkiya parlament boshqaruvi sohasida katta tajribaga ega, biz esa boshqaruv tizimini isloh qilib, bunday boshqaruv tizimiga endi o’tayapmiz. Turkiya biz kabi dunyoviy mamlakat, ayni paytda musulmon davlati. Bunday o’xshashliklar, menimcha, har ikki tomon hamkorligiga o’z hissasini qo’shadi”, - deydi qirg’iz parlamenti deputati Aynuru Altibayeva.

Mutaxassislar fikricha, so’nggi ikki yil davomida qirg’iz-turk iqtisodiy aloqalari tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Anqara Bishkekka yirik sarmoyalarni va’da qilgan. Ayni paytda qarzining katta qismidan kechib yuborgan.

“Menimcha, avvalo, Turkiya Markaziy Osiyoda geosiyosiy maqsadlarni ko’zlaydi. Bu o’rinda mintaqaning o’rtasida joylashgan Qirg’iziston muhim rol o’ynaydi. Qirg’izistonga yordam qo’lini cho’zib, bu mamlakatning ishonchini qozonib, Turkiya o’z maqsadlarini ham muvaffaqiyatliroq amalga oshirishi mumkin”, - deydi iqtisodchi olim Alisher Yusupov.

Qirg’iziston parlamenti deputati Aynuru Altibayevaga ko’ra esa Turkiya Qirg’izistonni qardosh o’lka sifatida qo’llab-quvvatlamoqda.

“Qolaversa, turk ishbilarmonlari bizning bozorimizga birinchi bo’lib kirgan. Demakki, aloqalar rivojlanishidan manfaatdor”, - deydi u.

Ayrim mahalliy kuzatuvchilar turkiyalik oliy mehmon o’z tashrifi paytida Bishkek yaqinidagi AQSh tranzit yuklar markazining keyingi taqdirini hal qilishda o’ziga xos vositachi rolini o’ynashi ehtimol, degan fikrni olg’a surmoqda. Ammo uchrashuvlarning rasmiy kun tartibida bu masala ko’zga tashlanmaydi.

“Aytish joizki, ayniqsa, o’tgan asrning 80-yillaridan e’tiboran Anqara va Vashington aloqalari ancha tig’izlashgan. Shu bois Tranzit yuklar tashish markazi mavzusi ham janob Erdo’g’an safari paytida tilga olinib qolishi ehtimoldan xoli emas”, - deydi Alisher Yusupov.

Mutaxassislar urg’u berayotgan umumiy jihat shuki, qirg’iz-turk aloqalari rivoj topishidan oddiy aholi manfaatdor. Ular Erdo’g’anning rasmiy safari bunga hissa qo’shadi, degan umidda.