Qirg’iziston janubidagi viloyatlarni obodonlashtirish loyihalari doirasida mahalliy suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmog’i yangilanmoqda.
O’sh va Jalol-Obod shaharlari va Bozor-Qo’rg’on qishlog’i suv ta’minotini modernizatsiyalash uchun Osiyo Taraqqiyot Banki 20 million dollar ajratgan. Xalqaro moliyaviy tizimlar bir necha loyihalarni amalga oshirmoqda.
Ikki yil muqaddam yuz bergan ommaviy tartibsizliklar paytida jabr tortgan O’sh, Jalol-Obod shaharlari va Bozor-Qo’rg’on qishlog’ida uy-joy qurilish ishlari nihoyasiga yetayotir. Tiklash ishlarining uchinchi bosqichiga kirishilgan. Ushbu bosqich aholini suv bilan ta’minlashni yaxshilash va boshqa infrastruktura tizimlarini takomillashtirishni ko’zda tutadi.
Osiyo Taraqqiyot Banki ajratgan mablag’ O’sh va Jalol-Obodni tiklash va taraqqiy ettirish bo’yicha davlat direksiyasi tomonidan o’zlashtiriladi.
Bank matbuot xizmati xodimi Ovg’anbek Stanbekovning aytishicha, loyiha natijasida 85 ming kishining suv ta’minoti yaxshilanadi.
Aynan ichimlik suvi ta’minoti Janubiy Qirg’iziston shahar va qishloqlari, ayniqsa, O’sh va Jalol-Obodda jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Chekka hududlarga ko’p hollarda toza suv yetib bormaydi, yoz oylarida aholi bir necha soat beriladigan suvni katta idishlarda saqlashga majbur.
O’sh shahri suv ta’minoti tizimi eskirgani sabab ta’minotda uzilishlar, suv bulg’anishi odatiy tusga kirgan.
Aytish joizki, O’sh va Jalol-Obod shaharlarini qayta qurish dasturi doirasida ikki yil muqaddam mutaxassislar suv ta’minotini yaxshilash xususida tadqiqotlar olib borgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko’ra, bu ishlarga kamida 240 million dollar kerak bo’ladi.
Hozirda Jahon Banki, Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi, Fransiyaning ACTED tashkiloti kabi bir necha xalqaro uyushmalar hududda suv ta’minoti borasida loyihalarni amalga oshirayotir.
Mutaxassislarning aytishicha, aynan xalqaro hamjamiyat keyingi yillarda Qirg’izistonning ichimlik va oqin suvi bilan ta’minlash sohasiga yirik ko’mak ko’rsatayotir. Loyihalarning deyarli barchasi xorij moliyaviy yordamiga tayanayotgani ma’lum.