Markaziy Osiyodagi vaziyatni kuzatib turgan faollar nazarida Qirg’izistonda o’zbeklarga qarshi sodir etilgan qirg’in - insoniyatga qarshi jinoyatdir.
Bu vahshiylikka barham berish, aybdorlarni jazolash nafaqat qirg’iz hukumati, balki xalqaro hamjamiyat vakolatiga kiruvchi vazifa deb baholanadi.
Lekin mahalliy aktivistlar hozirgacha qirg’iz hukumati ham, xalqaro hamjamiyat ham zo’rliklarga biror amaliy chora bilan javob berayotgani yo’q, deydi.
O’sh va Jalolobod qirg’inlaridan ikki oyga yaqin vaqt o’tib ham xavotirli xabarlar oqimi kamaymadi. O’shdagi o’zbeklar qo’rquvda yashamoqda. Ularga qarashli uylarni yoqish, yerlarini tortib olish, etnik kamsitishlar, ta’qiblar davom etmoqda.
O’sh hokimi Melis Mirzakmatov matbuotga bergan intervyularida lavozimdan ketmasligini ta’kidlar ekan, millatchiligini ochiq aytish bilan tahdid qilmoqda.
Faollarning aytishicha, Qirg’iziston janubida o’zbeklar haq-huquqlarini tiklash niyatidagi hokimiyatning o’zi yo’q. Qirg’in takrorlanishi ehtimoli oshib bormoqda.
“Xalqaro tashkilotlar ham, yirik davlatlar ham ko’pchilikni fikriga ko’ra o’zlarini soddalikka olishyapti. Roza Otunbayevani hukumati bilan muzokara olib borishyapti. Lekin shuni bilish kerakki, qirg’inlar boshida hukumatdagilar turibdi. Otunbayeva ham diplomatik chiqishlar qilyapti, lekin hozirgacha janubdagi vaziyatni yaxshilash uchun aniq bir narsa qilgani yo’q. Qirg’inda qatnashgan qirg’izlarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun qo’l ostidagi idoralarga topshiriq ham bermadi, bir qat’iy talab ham qo’ygani yo’q”, - deydi Abdusalom Ergashev, farg’onalik tahlilchi.
Mulohazalarga ko’ra Qirg’izistonda nafaqat o’zbeklar, balki insoniyatga qarshi xunrezlik qilindi. Go’daklar yoqilgan, qizlar zo’rlangan, ayollar bo’g’izlangan.
Ziyolilar XXI arsda ham bunday yovuzliklar saqlanib qolayotganidan dahshatda. Haddan ziyod vahshiylikni jazolash nafaqat qirg’iz hukumati balki xalqaro hamjamiyatning majburiyati ekani ta’kidlanadi.
“Bu katta fojea. Ilmiy tilda qabul qilib bo’lmaydigan va qabul qilish mumkin degan atama bor. Albatta bitta odamning ham joni qadrli. Lekin ilmiy tilda kichik ko’lamli va katta ko’lamli mojarolar degan atama bor. Bu ana shunaqa qabul qilib bo’lmaydigan darajada sodir etilgan fojealar, xunrezliklar. Garchi kichkina O’shda sodir etilgan bo’lsada, xuddi fashistlar qilmishiga o’xshash qilmishlar bo’ldi. Vahshiyona, shafqatsizlarcha odam o’ldirish holatlari minglab uchradi”, - deydi sharhlovchi Farxod Tolipov.
Janubda o’zbeklarga nisbatan ta’qiblar to’xtamayotgan bir paytda, prezident Roza Otunbayeva vaziyatni barqarorlashtirish uchun xalqaro hamjamiyatdan bir milliard dollardan oshiq mablag’ so’ramoqda.
BMT, Yevropa Ittifoqi va AQSh qochqinlarga moddiy yordam ko’rsatish rejasini ma’lum qildi. BMTning Qirg’iziston janubidagi gumanitar inqiroz yuzasidan chiqargan hisobotida o’zbek qochqinlari ahvoli ayanchli qolayotgani, xususan O’sh hokimiyatining shaharni qayta qurish rejasi o’zbeklar taqdiriga oid xavotirlarni yanada kuchaytirayotgani qayd etilgan.
Qirg’in paytida O’zbekistonda joylashtirilgan 100 mingdan oshiq qochqinlar vataniga qaytarilganiga ham bir oydan ko’p vaqt o’tdi. Rasmiy Toshkent va qirg’iz hukumati o’rtasidagi muzokaralar natijasida yurtiga qaytgan o’zbeklar qayta ta’qib va tahdidlarga uchradi.
“Shuni tushunmayman, O’zbekiston hukumati shuncha qochqinlarni qabul qildi, ularga 3-4 kun qaradi. Lekin Otunbayeva chaqirishi bilan, O’sh va Jalolobod hokimlarini bu yerga kelishi bilan, qochqinlarni ortga qaytarib yubordi. Tinchiydi deb umid qilgandik, aksincha bo’ldi. O’zbeklar u yerga borib, asosan Otunbayeva uchun ovoz berishdi. Endi esa Otunbayeva bevosita bo’lmasa ham, bilvosita o’zbeklarni ta’qib qilishga hissa qo’shmoqda”, - deydi mahalliy faollardan biri Botir Norboyev.
Qirg’izistondagi o’zbeklar so’nggi 20 yilda ikkinchi bor etnik qirg’inga uchrashi. Bu yana takrorlanishi mumkin. Bunday xavfni oldini olish uchun hukumatlar ham, xalqaro hamjamiyat ham hozircha hech narsa qilayotgani yo’q, deydi faollar.