Bishkekda portlash, siyosiy kelishuvlar

  • Amerika Ovozi

Jangarilar 33 obyektni, poytaxt Bishkekda sakkiz binoni nishonga olishni rejalagan

Parlament boshqaruviga o’tgan, siyosiy beqaror Qirg’izistonda uch partiya koalitsiya tuzishga va davlatni kelishib boshqarishga tayyor. Sotsial Demokratik Partiya, Respublika va Ota-Makon Partiyalari.

Sotsial-demokratlar rahbari Almazbek Atambayev Bosh vazir etib tayinlanishi kutilmoqda.

Oktabr oyida o’tgan parlament saylovlarida besh partiya g’alaba qozongan edi. Uch partiya endilikda hukmron koalitsiya, qolgan ikkisi Or-Nomus va Ota-Yurt muxolifatda.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton tashrifidan ikki kun oldin bugun Bishkek markazida portlash ro’y bergan. Ikki ofitser jarohat olgan va xavfsizlik xizmati shay holatda.

Voqea sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev va uning safdoshlari ustidan sud ketayotgan bino, sport stadioni yonida sodir etilgan.

Klinton AQSh harbiy bazasiga mezbon bu davlatda xavfsizlikni mustahkamlash haqida muzokara qilishi, yangi hukumatni qo’llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Qirg’iziston Xavfsizlik kengashi rasmiysi Marat Imankulov “xurujlar amaldagi hukumatga dushman kuchlarning ishi”, deydi.

Kecha janubdagi O’sh shahrida xavfsizlik kuchlari reyd o’tkazib, to’rt jangarini yo’q qildik, demoqda. Hududda yozgi qirg’in yana takrorlanadi degan xavotirlar quloqqa chalinmoqda. O’lganlar Turkiston Islomiy Harakati a’zolari edi, deydi rasmiylar.

Bakiyev va 27 rasmiy poytaxtda aprel oyidagi g’alayonda va 85 odamning o’limida ayblanmoqda. Prokuratura ta’kidiga ko’ra, Bakiyev ommaga qarata o’t ochishga ruxsat bergan. Yil boshida mamlakardan qochib ulgurgan sobiq prezident va uning oilasi hozir Belarusda.

Xuruj tufayli sud jarayoni qoldirilgan.

Milliy xavfsizlik xizmati raisi o'rinbosari Kolbay Musayevning aytishicha, terroristik harakatga aloqadorlik gumoni bilan 40 ga yaqin odam hibsda.

Jangarilar 33 obyektni, poytaxt Bishkekda sakkiz binoni nishonga olishni rejalagan, deydi u.

Ularning turli millat vakillari ekani, jumladan qirg’iz, o’zbek va rus ekani aytiladi. Reydlar davom etmoqda, deydi Musayev.