Qirg’izistonda muammo konstitutsiyada emas, deydi ayrim faollar

"Qirg’izistonda fuqarolik jamiyati pishiqroq. Qanchalik bezori, betartib bo’lib ko’rinmasin chetdan. Afg’onistondagi vaziyat takrorlanmaydi", - deydi Gulnara Aytbayeva.

Qirg’iziston ahli shu kunlarda yangi konstitutsiya muhokamasi, yangi orzu-umidlar bilan yashamoqda. Muvaqqat hukumat bosh qomus islohotini olg’a surar ekan, ayrim faol qirg'izlar “hozir buning mavridi emas” degan fikrda.

Gulnora Aytbayeva 1994 yildan beri saylovlarda kuzatuvchi bo’lib xizmat qiladi.

U Bishkekdagi Ayollar markazi ijtimoiy birlashmasi raisasi. Miqti, gapga chechan, serg’ayrat bu ayol “shaxsiy muammolarim uchun yig’lagan emasman, lekin saylovda yoki siyosatchilarning ahmoqona gap-so’zi uchun ko’z yosh to’kkanim rost”, deydi.

Qirg’izistondagi namoyishlar paytida farzandlarining tanbehi va avrashiga qaramasdan, uyda o’tirmay, ko’chaga oshiqdi. Uning aytishicha, Qirg’izistondagi to’polonlar qanchalik og’ir, qanchalik dahshatli ko’rinmasin, ro’y berishi muqarrar edi.

Jahon matbuotini kuzatar ekansiz, Qirg’iziston juda siyosiylashgan jamiyat, eng chekka qishloqlarda ham odamlar konstitutsion islohot qay bosqichda ekanidan boxabar, davlatda qanday reformalar o’tkazilayotganini biladi degan tasavvur paydo bo’ladi. Suhbatdoshimiz bu fikrdan yiroq.

"Hayoti Qirg’izistonda bino bo’lgan inson sifatida aytishim mumkin, shu paytgacha muhokama qilingan eng muhim hujjatlar ham xalqqa deyarli yetib bormagan. Bu siyosiy kuchlar, jamoat tashkilotlari, faollar shug’ullanadigan masala. Akayev paytida ham, Bakiyev paytida ham qonun loyihalari omma bilan muhokama qilinmagan", - deydi u.

"Hatto hozir ham mana yangi Konstitutsiya ustida ish ketmoqda. 75-76 kishidan iborat komissiya ishni apil-tapil bajarishga harakat qilmoqda. Xalq uni sinchiklab o’qib o’tirmaydi baribir. Bilasizmi, Konsitutsiya oddiy qog’ozcha emaski, uni shart olib, darrov tushunib, ma’qullash mumkin bo’lsa".

To’g’ri, qonun loyihalari yaxshi niyat bilan yoziladi, deydi u. "Misol uchun, oldingi konstitutsiyalar ham puxta yozilgan edi. Ammo shu paytgacha Qirg’iziston xalqi bosh qomusga binoan yashab ko’rmagan. Menimcha, hozir birinchi navbatda odamlarning ongini, dunyoqarashini o’zgartirish kerak. Imkon qadar tez qilinishi lozim bu".

"Konstitutsiyani ming o’zgartirmang, fuqaroning siyosiy ongi shakllanmas ekan, biror natijaga erishish qiyin. Biz shu paytgacha noraso rahbarlarni saylab keldik, endigi vazifamiz – oqil prezidentni saylash. Mana shunga ko’proq e’tibor berish kerak".

Xalq safida faol fuqarolar, jamiyatni ogoh qiluvchi kishilar ko’payishi kerak, deb hisoblaydi Gulnora Aytbayeva.

“Quvonarlisi shuki, aprel boshidagi namoyishlardan so’ng jamoat tashkilotlari drujinalar tuza boshladi, tartibni tiklash uchun. Oddiy odamlar kelib qo’shila boshladi, intizom-qonunni saqlashga yordam beraman deb”, - deydi u.

Ba’zilar Qirg’izistondagi ahvol butunlay izdan chiqib ketishi mumkin deya xavotirda. Afg'onistondagi kabi uzoq yillik mojarolar ehtimoli haqida ogohlantirayotganlar ham bor.

“Menimcha, Qirg’izistonda fuqarolik jamiyati pishiqroq, yetilganroq. Qanchalik bezori, betartib bo’lib ko’rinmasin chetdan. Afg’onistondagi vaziyat takrorlanmaydi deb ishonaman", - deydi faol.

"Lekin hozir juda qaltis davr – ahvol yo juda yomonlashadi, yo yaxshilanadi. Yomon yashab ko’rdik, yetadi. Yaxshi hayot uchun hatto umrimni qurbon qilishga tayyorman”.